Shu yilning kuzida Oʻzbekistonning 8 ta hududida jami 1 652 113 tup daraxt ekilgan boʻlsa, 2020-yilning bahorida aksiya respublikamizning 12 ta hududini qamrab oldi. Turli soha va yosh vakillari – faol fuqarolar, xayrli ishga hissa qoʻshishni istaganlar ikki hafta davomida yurtimiz boʻylab 2 125 225 tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekishdi.

Shuningdek, aksiya doirasida “Yuksalish” UMH tomonidan maxsus hisob raqami ochilib, unga atrof-muhitni himoya qilishga oʻz hissasini qoʻshish istagida boʻlgan barcha tashkilotlar, jamoalar, fuqarolar, xorijdagi vatandoshlar va boshqalar pul oʻtkazishi mumkin boʻldi. Toʻplangan pul mablagʻlari dekorativ va mevali koʻchatlar sotib olishga yoʻnaltirildi.

Eʼtiborlisi, “Bir million daraxt” aksiyasi hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga qaratilgan boshqa gʻoya va tashabbuslarga turtki boʻlyapti.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-avgustdagi qarori bilan 2021-yil kuz va 2022-yil bahor mavsumlarida Toshkent shahri hududida “1 million daraxt” aksiyasini oʻtkazish belgilandi. Poytaxt umumiy maydonining koʻkalamzorlashtirish darajasini 2023-yilga borib 30 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati Oʻzbekistonda daraxtlar sonini oshirishga qaratilgan bu kabi faollik va va yashil tashabbuslarni, turli tashkilotlarning yurtimizda yashillikni kengaytirish va saqlab qolish, obod atrof-muhitni shakllantirish borasidagi hissalarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Yashillikni yaratish va yangilash – doimiy jarayon, bunda asosiysi, niholni ekishda mahalliy aholi va hududning xususiyatini, yaʼni sugʻorish, iqlimi, tuprogʻini hisobga olishdir. Harakat jamoasi ushbu masalalarda oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislarini, ekspert-ekologlarni jalb qilishga, umuman bunga ilmiy yondashishga chaqiradi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.