2023-yilning 28-iyun kuni soat 17:30 da “Qoradori-2023” tadbirlari davomida, Toshkent shahar Bektemir tumani Chirchiqboʻyi koʻchasida xizmat olib borayotgan tuman IIO FMB PPX xodimlari tomonidan mazkur hududda boʻlgan 25 yoshli I.K. oʻz harakatlari bilan shubha uygʻotgani sababli toʻxtatilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berishicha, shubhalanuvchi xolislar ishtirokida tekshirilgan vaqtda egnidagi qora rangli shimining chap choʻntagidan 1 dona koʻk rangli yelim skotchga oʻralgan giyohvand moddasiga oʻxshash modda borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Y.K.dan ushbu moddani kimdan va qayerdan olganligi soʻralganida, u ushbu giyohvand moddasini geolokatsiya asosida koʻmib qoʻyish uchun olib ketayotganligini va Toshkent shahri Bektemir tumanidagi Chirchiq boʻyi, Taraqqiyot, B.Nozim, Parkent yoʻli koʻchalari, “Iyk-ota”, “Gulbogʻ”, “Zabardast” MFYlar hududida oʻziga notanish boʻlgan mijozlar uchun jami 23 dona oʻramdagi giyohvandlik moddalarini koʻmib chiqqanligini maʼlum qilib, ushbu 23 dona oʻramdagi moddalar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. 

     

Toshkent shahar IIBB EKMning sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga koʻra, Y.K.dan olingan modda tarkibida alfa-pirrolidinovalerofenon mavjud boʻlib, bu modda “alfa-pirrolidinovalerofenon (a-PVP)” deb atalishi va umumiy ogʻirligi 22,4 grammga tengligi koʻrsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani boʻyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan I.K.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 273-moddasi 5 qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga koʻra, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.