Toshkentda boʻlib oʻtgan ommaviy qabul natijalari qanday boʻldi?

    Ijtimoiy hayot 8 Noyabr 2022 1277

    Ochiq-jonli muloqotlarda masʼullar murojaatlarda koʻtarilgan masalalarga yechim izladi.

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan Toshkent shahridagi Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida Yunusobod tumanida koʻp qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha obyektlarini qish mavsumiga tayyorlash, issiqlik, suv, tabiiy gaz, elektr energiyasiga oid masalalarni oʻrganish va hal qilish maqsadida navbatdagi ommaviy qabul tashkil etildi.

    Ochiq-jonli muloqotlarda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirliklari, energetika, obodonlashtirish, yoʻl va ichimlik suvi tizimi idoralari, shahar-tuman hokimliklari masʼullari murojaatlarda koʻtarilgan masalalarga yechim izladi.

    Olmazor tumani “Gulzor” mahallasida yashovchi Saidanvar Madixoʻjayev va Sobitjon Tursunov hududdagi yoʻllar taʼmiri-yu elektr energiyasi taʼminotidagi masalalarga yechim soʻramoqda. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi masʼullari asfalt qilinishi soʻralayotgan mazkur koʻchani joyiga chiqib oʻrganib, dasturlar asosida hal qilib berishni oʻz zimmasiga oldi.

    “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilarining oʻrganishlaridan soʻng esa “Gulzor” mahallasiga qoʻshimcha yoki katta quvvatli yangi transformator oʻrnatiladigan boʻldi.

    Olmazor tumani “Yuqori Sebzor” mahallasidagi koʻp qavatli 4- “a” uyda istiqomat qiluvchi Lyubov Krivensovaning aytishicha, mazkur uyda lift oʻrnatilganiga 24 yil boʻlgan, yaʼni almashtirish muddati kelgan. Shu bois lift tez-tez buzilyapti. Bu esa, tabiiyki, aholiga ancha noqulaylik tugʻdiryapti. Xoʻsh, bu masalaning yechimi qanday? Bunga Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi masʼullari quyidagicha javob berishdi.

    Olmazorning “Qoʻshtut” mahallasidan qabulga kelgan Erkin Umarxonov murojaati asosida esa ular istiqomat qilayotgan Qoʻshtut tor koʻchasidagi 60 dan ziyod xonadonni oqava suv tarmogʻiga ulash masalasiga kelgusi yilgi dasturlar asosida yechim topiladigan boʻldi.

    Dilnoza Umrzoqova ham qabulga koʻpning muammosiga yechim soʻrab keldi. Ayolning aytishicha, ular yashayotgan Yunusobod tumani 12-dahasidagi 30-uydagi 108 ta xonadonda isitish tizimi yaxshi ishlamaydi. Sovuq kunlar esa yaqin. Bu masala boʻyicha ishchi guruh tuzilib, muammo joyiga chiqib oʻrganiladigan va hal qilinadigan boʻldi.

    Surayyo Nosirova Chilonzorning “Katta Doʻmbirobod” mahallasida yashaydi. Opaning boquvchisi yoʻq, uch farzandining ikkisi xasta. Ogʻir ijtimoiy ahvoldagi ayol ogʻir sharoiti tufayli issiq suv va gazdan qarzdorligini toʻlay olmayapti. Ayni masalada yordam soʻrab kelgan Surayyo Nosirovaning qarzdorligi ichki imkoniyatlar hisobilan qoplab beriladigan boʻldi.

    Yashnobod tumani “Dilbogʻ” mahallasida yashovchi Inna Savina murojaatidan soʻng esa mahalla bolalari uchun oʻyin maydonchasi qurib beriladigan boʻldi.

    Olmazor tumanidagi “Abu Bakr Shoshiy” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Iskandar Mahmudov murojaati asosida mahallada yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan birining xonadoni shundoqqina koʻchadan oʻtgan oqava suv tarmogʻiga ulab beriladigan boʻldi.

    Chilonzorlik Rustam Ismoilov oʻzi yashayotgan “Nafosat” mahallasidagi koʻp qavatli 29-uyning tomini yangilashda amaliy yordam soʻradi. Bu masala ham dasturlar asosida hal qilinadigan boʻldi.

    Qabullar davomida avvalgi muloqotlarda, Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha da belgilangan vazifalar ijrosi ham oʻrganildi. Aytaylik, Olmazor tumani “Qorasaroy” mahallasidagi 2-uy aholisi murojaatlari asosida bu uy yoʻlagiga bugun yangi, zamonaviy lift oʻrnatilmoqda. Bu, ayniqsa, yuqori qavatda yashovchi keksa, nogironligi bor va bemor insonlar uchun katta qulaylikdir.

    Yashnobod tumani “Beshariq” mahallasidagi 41-uy aholisi murojaatlarida aytilgan lift masalasiga ham nihoyat yechim topildi. Ayni paytda uyning 4 ta yoʻlagidagi oʻz muddatini oʻtab boʻlgan liftlar yangisiga almashtirildi.

    Yunusobod tumani “Sobirobod” mahallasidagi 21-uy aholisi murojaatlari asosida mazkur uy tomining taʼmirtalab 300 kvadrat metr qismida taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi. Xuddi shunday murojaatlar asosida Mirzo Ulugʻbek tumani “Yangi Kamolot” mahallasidagi 28-uy tomi ham yangilanmoqda.

    Mirzo Ulugʻbekning “Amir Temur” mahallasi aholisi esa elektr taʼminotidagi uzilishlardan shikoyat qilishgan edi. Muammo joyiga chiqib oʻrganilgach, mahallada yuqori kuchlanishli yangi transformator oʻrnatildi. Bu bilan 80 ga yaqin xonadonning elektr taʼminoti yaxshilandi.

    Yashnobodning “Ahmad Yassaviy” mahallasi aholisini yillar boʻyi oʻylantirgan katta masala ham bu yilgi dasturlar asosida hal qilindi. Mahalladagi 350 ta xonadonga qariyb 6 km. oqava suv tarmogʻi tortilmoqda. Ayni paytgacha 4 km. tarmoq tortib boʻlindi, qolgan ishlar ham tez orada yakunlanadi.

    Shayxontohur tumani “Katta hovuz” mahallasidan kelib tushgan murojaatlar asosida esa hududdagi eskirgan gaz taqsimlash punkti yangilandi. Bu bilan Jalolobod koʻchasidagi 256 ta xonadondagi “zangori olov” piligi koʻtarildi.

    Muxtasar aytganda, Prezident Xalq qabulxonasi Yunusobod tumanida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabulda 332 ta murojaatning 79 tasi joyida hal qilindi, 56 ta masala yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, qoʻshimcha oʻrganish, vaqt va mablagʻ talab qiladigan 197 ta murojaat nazoratga olindi.