Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Toshkent shahridagi koʻp qavatli uylarda ijara narxlari qanday ekanligini tahlil qildi.
Hozir rivojlangan davlatlar aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida ijarachilarning huquqlarini himoya qiladi, shartnoma muddati davomida ijara narxlari oʻzgarmasligini taʼminlaydi. Masalan, Buyuk Britaniyada ijara bilan bogʻliq belgilangan toʻlovlardan tashqari, har qanday komissiya olish taʼqiqlangan, AQSHda ipoteka krediti hisobiga uy olgan shaxslar daromad soligʻini toʻlashda imtiyozga ega boʻladi.
The Economist nashrining maʼlum qilishicha, uyga egalik qilish koʻrsatkichi qanchalik yuqori boʻlsa, uy bozorida narxlar shunchalik oʻzgaruvchan boʻladi. Masalan, Shveysariyada uyga egalik qiluvchilar ulushi 3, Buyuk Britaniyada 60 foiz atrofida. Shunga mos ravishda Shveysariyada uy narxlari 1970-yildan 2019-yilgacha 70 foizga, Buyuk Britaniyada esa 346 foizga oshgan.
Bundan tashqari, ijarada turish koʻrsatkichining oshishi makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga ham taʼsir etadi. Masalan, AQSHda uyga egalik qilish koʻrsatkichi oshgani sayin ishsizlik darajasi ham oshgan. Bu bir tomondan odamlarda boshqa joyga koʻchish xohishi yoʻqolishi, ikkinchi tomondan esa ish oʻrinlari mavjud joylarga koʻchib oʻtish qimmatlashishi bilan bogʻliq.
Tahlil natijalariga koʻra, Toshkent shahrida koʻp qavatli uylardagi ijara narxi oʻrtacha 339 AQSH dollariga teng. Ijara narxlari boʻyicha eng past narx Sergeli va Olmazor tumanlarida, eng baland narx esa Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi.
Ijara biznesining daromadliligi (rental yields - uyni ijaraga berish orqali bir yilda olinadigan daromad) Toshkent shahri uchun 10 foizni tashkil etadi. Qiyoslaydigan boʻlsak, bu raqam Ruminiyada 6, Polshada 5, Germaniyada 3, Turkiyada esa 2 foizni tashkil etadi. Hozir Toshkentda koʻchmas mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromad oʻrtacha bank valyuta depozitlari tushumidan (3,4%) uch baravar koʻproq. Bu hozirgi kunda Toshkent shahrida jamgʻarmalarni koʻchmas mulkka sarflash va uni ijraga berish valyutada depozit koʻrinishida saqlashdan koʻra foydaliroq ekanligini koʻrsatadi.
Toshkent shahri markazidagi xonadonning oʻrtacha narxi YAIMning kishi boshiga toʻgʻri keladigan ulushidan 50 barobar koʻp. Bu koʻrsatkich Ukrainada 158 barobar, Rossiyada 87 barobar, Buyuk Britaniyada 66 barobar, Shveysariyada 20 barobar, Germaniyada 17 barobar, Lyuksemburgda 5 barobarni tashkil etadi. Bu umumiy hisobda odamlarning xarid qobiliyati past yoki yuqoriligini koʻrsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahrida xonadon ijarasi bozori shakllanishning boshlangʻich bosqichida turibdi. Urbanizatsiya jarayonining jadallashib borayotganini inobatga olib, ijara bozorini rivojlantirish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
- ijarada turuvchilarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash;
- ijara narxlari keskin oʻzgarishini nazorat qilish, ijara narxini shahar boʻyicha oʻrtacha narxdan sababsiz keskin 10 foizdan koʻproqqa oshira olmaslikni qonunan belgilash;
- bozorda informatsion asimmetriya muammosining oldini olish maqsadida uy egasi va potensial ijarachini toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlaydigan informatsion texnologiyalarni keng joriy etish.