Bu haqda xalq deputatlari poytaxt kengashining ushbu taklifni maʼqullagan 12-sentyabrdagi qarorida keltirilgan.
Unga koʻra, Veolia Energy tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga muvofiq aholiga issiqlik va issiq suv taʼminoti xizmatlarining yangi chakana tarifi 15 foizga oshadi va aholiga 105 754 soʻm/Gkal oʻrniga 121 617, boshqa ulgurji tashkilotlarga bir Gkal uchun — 244 497 soʻm (QQSsiz) soʻm etib belgilanadi.
Joriy yilning fevral oyida “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi kengashga Toshkent shahri aholisiga issiq suv va issiqlik taʼminoti tarifini 15 foizga oshirish taklifini kiritgandi. Korxona rahbarining aytishicha, shahar aholisi bazaviy tarifning atigi 14 foizini toʻlaydi, qolgani esa shahar byudjetidan subsidiya shaklida qoplanadi.
Bu elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari, shuningdek, issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun sotib olingan issiqlik energiyasi narxlarining oshishi bilan bogʻliqligi koʻrsatilgan.
Eslatib oʻtamiz; aholiga issiqlik va issiq suv taʼminoti xizmatlari narxi soʻnggi marta 2024-yilning 2-aprelida, isitish mavsumi tugagan kundan bir kun oʻtib 15 foizga koʻtarilgandi.