Mazkur tadbir O‘zbekistonda uchinchi bor o‘tkazilayotgan bo‘lib, mamlakat 2022 va 2023-yillarda ham ushbu nufuzli konferensiyaga mezbonlik qilgan. Anjumanda 32 ta davlatdan 400 nafarga yaqin delegat, 24 ta xalqaro hamkor va homiylar ishtirok etmoqda. Unda Ozarbayjon, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Pokiston, BAA va O‘zbekiston kabi davlatlar bilan bir qatorda Xalqaro elektraloqa ittifoqi (ITU), Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF), APSCO, TÜBİTAK UZAY va boshqa turli xorijiy kompaniyalar, milliy kosmik agentliklar, tijorat tashkilotlari hamda kosmik sohada faoliyat yurituvchi qator tuzilmalar ishtirok etmoqda. Bu esa ishtirokchilar o‘rtasida keng qamrovli muloqot, tajriba va ma’lumot almashish, shuningdek, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.

Joriy yilning 31 mart kuni o‘tkazilgan anjumanda ta’lim va yoshlar masalasiga ayniqsa, alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, CubeSat kabi loyihalar orqali yoshlarni ilmiy izlanishlarga jalb qilish, xalqaro tajriba almashish va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash muhim vazifa sifatida qayd etildi. Shuningdek, mamlakatimizda sun’iy yo‘ldosh tizimlari, boshqaruv va kosmik tadqiqotlar bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

— Bu yilgi konferensiya avvalgilariga qaraganda ancha keng qamrovli o‘tmoqda. Ishtirokchilar soni, taqdim etilayotgan texnologiyalar va hamkorlar ko‘lami sezilarli darajada oshgan. Bu, o‘z navbatida, kosmik sohadagi rivojlanish sur’atlarini yaqqol namoyon etadi, — deydi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi huzuridagi Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi departamenti boshlig‘i G‘ayrat Yakubov.

Uning ta’kidlashicha, kosmik texnologiyalardan samarali foydalanish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Ayniqsa, sun’iy yo‘ldoshlar orqali masofadan turib olinadigan ma’lumotlar iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

— Sun’iy yo‘ldoshlar orqali 500 – 600 kilometr balandlikdan olinayotgan tasvirlar yer ustidagi obyektlar haqida aniq ma’lumot beradi. Bu ma’lumotlar orqali qonunbuzilish holatlarini aniqlash, resurslarni samarali boshqarish va turli sohalarni tahlil qilish mumkin. An’anaviy usullarda bu jarayon juda ko‘p vaqt va xarajat talab qiladi, — deya qayd etadi mutaxassis.

Ushbu texnologiyalar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida keng qo‘llanilmoqda. Masofadan zondlash ma’lumotlari orqali yerlarni raqamlashtirish, ekin maydonlarini tahlil qilish va o‘zgarishlarni kuzatish imkoni paydo bo‘lmoqda.

— Ilgari bu ishlar joyiga chiqib, ko‘plab mutaxassislarni jalb qilgan holda amalga oshirilar edi. Hozir esa ofisda turib ham eng so‘nggi ma’lumotlarni olish, tahlil etish va qaror qabul qilish mumkin. Bu vaqtni tejaydi, xarajatlarni kamaytiradi va samaradorlikni oshiradi, — deydi G‘ayrat Yakubov.

Shuningdek, tadbirda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktor o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov ham konferensiyaning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, mazkur anjumanni tashkil etishdan asosiy maqsad — O‘zbekiston kosmik agentligi faoliyati doirasida Markaziy Yevrosiyo mintaqasida kosmik sohaga aloqador davlat idoralari, xususiy sektor va xalqaro kompaniyalarni birlashtiruvchi muloqot platformasini yaratishdan iborat.

— Bugungi konferensiya mamlakatimizda kosmik sohani rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasidir. Bu yerda nafaqat mavjud yutuqlar, balki kelgusi 5 – 10 yillik strategik rejalar ham muhokama qilinmoqda, — dedi Muxiddin Ibragimov.

Qayd etilishicha, anjumanda 500 dan ortiq ishtirokchining qatnashishi ushbu sohaning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan ma’lumotlarni qayta ishlash yo‘nalishida erishilayotgan yutuqlar xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu bilan birga, ta’lim tizimiga kosmik texnologiya elementlarini joriy etish, yoshlarni ilm-fan va innovatsiyalarga jalb qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2028-yilda Samarqand shahrida kosmik sohadagi nufuzli xalqaro kongressni o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, unda 10 – 12 ming nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonning ilk mustaqil kosmonavtini fazoga uchirish loyihasi ustida ham ishlar olib borilmoqda.

Bu jarayon doirasida kosmonavt tanlash, xalqaro hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazish va ilmiy dasturlarni ishlab chiqish ishlari davom etmoqda.

Umuman olganda, STC 2026 anjumani O‘zbekistonning kosmik sohadagi salohiyatini namoyon etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi innovatsion loyihalarni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.

Zulxumor AKBAROVA