Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etiladi.

Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston yetakchi va tadbirkor ayollari, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki yuqori darajadagi vakillari va xalqaro ekspertlari ishtirokida tashkil etiladigan tadbir doirasida ishbilarmon ayollar koʻrgazmasi, tematik anjuman va B2B formatida kooperatsion birja oʻtkaziladi.

Uchrashuvlarda sanoat, xizmat koʻrsatish, turizm, savdo, qishloq xoʻjaligi, amaliy sanʼat, hunarmandchilik va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha 400 dan ziyod Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻonistonlik tadbirkor ayollar oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama etishi va tegishli kelishuvlarga erishishi koʻzlangan.

Forumda barqaror rivojlanish sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” qabul qilinishi ham kutilmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA.