“Surxon“ daryosidan noqonuniy qush-shagʻal qazib olayotganlar jazosiz qolmadi

    Voqea-hodisalar 14 Mart 2025 528

    Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi va viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari hamkorligida viloyat boʻylab noqonuniy qush-shagʻal qazib olinishining oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

    Qayd etilishicha, oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida Jarqoʻrgʻon tumani “Yangi usul“ mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi “Surxon“ daryosi boʻyida noqonuniy qum qazish holati aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, tumanning “Dam” mahallasi fuqarosi B.Yu. oʻz boshqaruvidagi Frontal yuklagich (lephur) yordamida qum xomashyosini noqonuniy ravishda yuklayotgani, fuqaro A.S. va “Polvonlar yurti” mahallasi fuqarosi T.I. esa oʻz boshqaruvidagi “KamAZ” va “HOWO” rusumli yuk mashinalariga qumni ortib ketayotgan boʻlgan.

    Tadbir davomida ushbu qonunbuzarlik holati rasmiylashtirilib, barcha shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismi asosida maʼmuriy choralar koʻrildi.

    Har bir qoidabuzarga 11 million 250 000 ming soʻm (BHMning 30 barobari) miqdorida jarima belgilanib, tabiatga yetkazilgan 45 million soʻm zarar hisoblandi.

    Shuningdek, jami hisobda 78 million 750 000 soʻm miqdorida maʼmuriy chora koʻrildi.