Toshkentda oʻrnatiladigan tibbiy konteynerlar qanday maqsadda foydalanilishi maʼlum boʻldi

    Salomatlik 26 Yanvar 2023 1426

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati batafsil maʼlumot berdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida oʻrnatiladigan tibbiy konteynerlar xususida tanqidiy fikrlar eʼlon qilindi.

    Unda aytilganidek, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi B.Rahmonovning qaroriga koʻra, poytaxtdagi 40 ta mahallaga oʻrnatilgan konteynerlarda tibbiyot punktlari tashkil etilishi belgilangan. Buning uchun 900 million soʻm mablagʻ ajratiladi. Yil davomida shahar boʻylab jami 170 ta konteyner oʻrnatilishi rejalashtirilmoqda.

    Bu muassasalar barcha zarur dori-darmonlar, kerakli tibbiy buyumlar, jumladan, EKG va 18 turdagi tibbiy asbob-uskuna hamda jihozlar bilan taʼminlanadi. Ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha ishlovchi ikki koykali “kichik shifoxona”da umumiy amaliyot shifokori va 2 nafar hamshira aholiga mobil tibbiy xizmat koʻrsatadi.

    Bunday mahalla tibbiyot punktlari dispanser nazoratida turgan keksalar, homilador ayollar va bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda oilaviy shifokorga katta yengillik beradi.

    Fuqarolarning esa oddiy koʻriklar uchun oʻz hududidagi poliklinikaga qatnashiga zarurat qoldirmaydi. Chunki ular poytaxtning aholi gavjum boʻlgan koʻp qavatli uylari yoniga oʻrnatiladi.

    Ushbu punktlarni jihozlash, ularning uzluksiz faoliyatini taʼminlash Toshkent shahar hokimligi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, bu kichik muassasalarga elektr energiya va suv tarmoqlari tortilib, issiq hamda sovuq kunlarda havo moʻtadilligini taʼminlovchi moslamalar oʻrnatiladi.

    Bu tibbiy punktlar bemorlarning statsionar davolanishiga emas, balki ularga birlamchi tezkor xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan. Ajratilayotgan mablagʻlar esa kichik “poliklinika”da ham xuddi oilaviy poliklinikalardagi sharoitlarni hozirlash uchun sarflanadi.