Toshkentda o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionati davomida ko‘plab nufuzli sport tashkilotlari rahbarlari qatori IBSA ko‘zi ojizlar dzyudo federatsiyasi sport direktori Yanosh Tardos ham poytaxtimizga tashrif buyurdi.

Bugun Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti – O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev IBSA ko‘zi ojizlar dzyudo federatsiyasi sport direktori Yanosh Tardos bilan uchrashdi. Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Kamilov ham ishtirok etdi. Bu haqda Milliy paralimpiya qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Samimiy kechgan suhbat davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalarini yaqindan muhokama qilishdi.

Jumladan, Muxtorxon Tashxodjayev IBSA tomonidan para dzyudo bo‘yicha ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda ham ko‘zi ojiz insonlar o‘rtasida para dzyudo sport turiga qiziquvchilar soni tobora ortib borayotganini bildirdi. Bundan tashqari, yurtimizda xalqaro toifadagi klassifikatorlarga ehtiyoj yuqori ekani bois, bu borada IBSA bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik mutaxassislarni ham xalqaro toifadagi klassifikator sifatida tayyorlash bo‘yicha taklif bildirdi.  Bundan tashqari, O‘zbekistonda para dzyudo bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarni o‘tkazish masalasida ham fikr almashildi.

O‘z navbatida Yanosh Tardos ham o‘zbekistonlik para dzyudochilar dunyoda kuchlilar qatorida eʼtirof etilishini aytib, ushbu yutuqlar mamlakatimizda yaratilgan ulkan imkoniyatlar natijasi ekanini bildirdi. U IBSA hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi.