Seminar mahalliy tadbirkorlar va eksportchilarning “GSP+” tizimi imtiyozlarining afzalliklari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tovarlarni eksport qilishda ularni samarali qoʻllash mexanizmlari haqida xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir “gibrid” shaklda oʻtkazildi: vazirlik va idoralar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, mahalliy eksportchilari bevosita, Yevropa komissiyasi ekspertlari esa videokonferensiya orqali ishtirok etdilar.
Maʼlumki, 2021-yil 10-aprelda Oʻzbekiston uchun Yevropa Ittifoqining (YEI) barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus imtiyozlar tizimi (“GSP+”) kuchga kirdi. Mamlakatimiz ushbu tizimga Preferensiyalar bosh tizimi doirasida benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilingan edi.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga geografik jihatdan nisbatan yaqinligiga qaramay, oʻzaro savdo salohiyati toʻliq ishga solinmagan boʻlib qolmoqda.
“GSP+” tizimi Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasida savdo hajmini oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni taklif etadi. Jumladan, 6 200 turdagi mahsulotlarni, xususan, mato, kiyim-kechak, plastmassa, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, sopol mahsulotlari va boshqa eksport qilinadigan mahsulotlar turlarini yetkazib berishda oʻzbek eksportchilari uchun bojlar bekor qilinadi.
Shu oʻrinda Oʻzbekistonning “GSP+” tizimi benefitsiari maqomiga ega boʻlishi YEI bilan savdo qilish borasidagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Yevropa mamlakatlari bozorlariga chiqishiga koʻmaklashishda muhim qadam hisoblanadi. Shu bilan birga, bu inqirozdan keyingi davrda iqtisodiy faollikni tiklash jarayonida Oʻzbekiston uchun ayniqsa muhim boʻlgan tadbirkorlikni rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb etishga sezilarli turtki beradi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov videokonferensiya shaklida ishtirok etdi. U oʻz nutqida Oʻzbekistonga “GSP+” benefitsiar maqomi berilishi Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi iqtisodiy va savdo munosabatlarini diversifikatsiya qilish va rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshishini, berilgan imtiyozlar Oʻzbekistonning barqaror oʻsishi va iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashda samarali vosita boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Hukumat tomonidan “GSP+” tizimi imtiyozlaridan samarali foydalanishni taʼminlash va uning benefitsiar maqomini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi bildirildi. Reja xalqaro konvensiyalarni samarali joriy etish va xalqaro tashkilotlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti qoʻmitalari oldida majburiyatlarining bajarilishini, Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlikda majburiyatlar ijrosining monitoringi olib borilishini, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida eksport salohiyatini oshirish hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya-texnik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar roʻyxatini oʻz ichiga oladi. Ushbu choralar qatoriga, shuningdek, mahsulotlar sifati Yevropa Ittifoqi talablariga javob berishi uchun ishlab chiqarish jarayonlariga Yevropa standartlari va qoidalarini joriy etish, oʻzbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga ilgari surish boʻyicha marketing vositalarini ishlab chiqish va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar yaratuvchi yangi sanoat quvvatlarini tashkil etishga Yevropa investorlarini jalb qilish chora-tadbirlarini oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, yalpi majlisda Yevropa komissiyasining Ijrochi vitse-raisi va Yevropa Ittifoqi savdo komissari V.Dombrovskis videokonferensiya orqali murojaat qildi va Oʻzbekistonning benefitsiar maqomiga ega boʻlishi oʻzbek korxonalari va ishlab chiqaruvchilariga raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish, korxonalarni diversifikatsiya qilish hamda qoʻshilgan qiymatni oshirishga investitsiyalar kiritish uchun kuchli ragʻbat boʻlib xizmat qilishini va natijada daromadning sezilarli oʻsishiga olib kelishini taʼkidladi.
“GSP” tizimining standart preferensiyalari qoʻllanilganda YEIga olib kirilayotgan oʻzbek tovarlarining umumiy qiymati 108 million yevroni tashkil etgan edi. Bunda, import qiluvchilar pasaytirilgan tariflardan foydalanib, qariyb 2,5 million yevro tejashgan edi. “GSP+” preferensiyalari qoʻllanilganda bu koʻrsatkich qariyb uch barobar koʻp boʻlishi mumkin edi”, deb taʼkidladi u oʻz chiqishida.
Tadbirni oʻtkazishda amaliy yondashuvdan foydalanildi — ishtirokchilarga “GSP+” tizimining Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishga qanday hissa qoʻshishi va “GSP+” benefitsiar maqomi qanday iqtisodiy afzalliklarga ega ekanligi haqida aniq holatlar misolida taqdimotlar qilindi. Rioya qilinishi eksportchilarga tizimning afzalliklaridan toʻliq foydalanish imkonini beruvchi amaldagi “GSP+” qoidalari haqida qoʻshimcha maʼlumot berildi.
Seminar iqtisodiyotning turli sohalaridan boʻlgan maʼruzachilar va ishtirokchilar keng doirasi uchun platforma boʻlib xizmat qildi va Yevropa Ittifoqi hamda Oʻzbekistondan manfaatdor tomonlar oʻrtasida muloqot va gorizontal axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyishga asos boʻlib xizmat qildi.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish yoʻnalishlari va mehnat standartlari sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama etildi.
Seminar yakunida savol-javob sessiyasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar tomonidan “GSP+” preferensiyalarini qoʻllashdagi dolzarb masalalari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga mahsulotlar eksport qilishning amaliy jihatlari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.