SHHTga aʼzo sakkiz davlatning yuqori martabali delegatsiyalari va ekspertlari Tashkilot kotibiyati vakillari ishtirokida zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb vazifalarini muhokama qiladi.
Tadbir Oʻzbekistonning SHHTga raisligi doirasida oʻtkazilmoqda.
Hozirgi vaqtda iqlim oʻzgarishi, oʻsimlik va hayvonot dunyosining yoʻqolishi, yerlarning tanazzulga uchrashi va suv resurslarining kamayishi kabi global ekologik muammolar koʻplab mamlakatlar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu muammolar Yevrosiyo hududining 60 foizini egallagan va 3,2 milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladigan SHHTning ulkan hududiga ham xosdir.
Bu borada SHHTga aʼzo davlatlar bosh ekologlarining Toshkent yigʻilishi ham dunyo jamoatchiligining katta eʼtiborni tortmoqda. Zero, ushbu yigʻilish mazkur tashkilotning ekologik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarining mantiqiy davomi sifatida boʻy koʻrsatishi kutilmoqda.
SHHT bu boradagi hamkorlikni mustahkamlash orqali atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanishni ragʻbatlantirish sohasida kun tartibini shakllantirish sari izchil va maqsadli harakat qilmoqda. Tashkilotning bu yoʻnalishdagi birinchi hujjati Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik konsepsiyasini tasdiqlash boʻldi. Mazkur hujjatni amalga oshirish maqsadida 2022-2024-yillarga moʻljallangan Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasi qabul qilindi va amalga oshirilmoqda, ushbu hujjat 2020-yil 17-sentyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan SHHTga aʼzo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisida maʼqullandi.
Toshkent uchrashuvida tomonlar atrof-muhit monitoringi, bioxilma-xillik, tabiiy hududlarni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, ilmiy-texnikaviy hamkorlik, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish va salohiyatni oshirish kabi dolzarb yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashadilar.
Vazirlar uchrashuvi yakunlari boʻyicha tashkilot doirasida SHHTning Atrof-muhitga oid maʼlumotlar almashinuvi platformasini birgalikda yaratish dasturi tasdiqlanishi kutilmoqda.