Bu haqda Toshkent shahar IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qoʻlga olingan shaxs bir nechta manzilda joylashgan giyohvandlik moddalar laboratoriyasidan foydalanib, sintetik giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelgani aniqlangan.
Shuningdek, fuqaroning Toshkent viloyatida joylashgan xonadoni koʻzdan kechirilganida sintetik giyohvandlik vositalari, turli xil konteynerlar, qoʻlqoplar, tarozi, gazga qarshi niqoblar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Shu kuni tezkor tadbir davomida birinchi laboratoriyadan 4,8 kilogramm, ikkinchi xonadondan qariyb 10 kilogramm, jami 14 kilogramm 795 gramm umumiy narxi taxminan 1 million dollarga teng sintetik giyohvandlik vositasi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib, ashyoviy dalillar Toshkent shahar IIBB EKM tomonidan ekspertizadan oʻtkazilgan.
Markaz xulosasiga koʻra, olingan moddalarning barchasi sintetik giyohvandlik moddalar ekani oʻz tasdigʻini topgan.
Hozirda holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tergov boʻlimi tomonidan JKning 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi tayinlanib, tergov harakatlari davom etmoqda.