Toshkentda tadbirkor daraxtlarga shikast yetkazdi

    Zarar – 248 million 94 ming so‘m.

    Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatining yozishicha, poytaxtda qurilish olib borayotgan "ASCENDANT GROUP" MCHJ daraxt va butalarga shikast yetkazish javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Qurilish maydonidagi jami 30 tup daraxt xatlovdan o‘tkazilgan.

    Shunga qaramay qurilish ishlarini olib borish jarayonida qonun buzilishi holatiga yo‘l qo‘ygan.

    Qayd etilishicha, hududdagi 3 tup o‘rik, 2 tup gilos, 1 tup xurmo daraxtlari hamda 3 tup chinor, 1 tup shumtol daraxtlari o‘sishdan to‘xtaydigan darajada shikastlantirilgan.

    Oqibatda tabiatga yetkazilgan zarar 248 million 94 ming so‘mni tashkil etgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Prokuratura organlariga taqdim etilgan.