Konferensiyada koʻrilgan asosiy masalalardan biri – assotsiatsiyaning 2022-yildagi faoliyati sarhisobi boʻldi. Shuningdek, tadbir doirasida hududlarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat boʻlimlari rahbarlari ham hisobot taqdim etdi.
Dastlab Oʻzbekiston taekvondo ITF milliy assotsiatsiyasi rahbari Laziz Hasanovning 2022-yilda amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglandi.
Qolaversa, konferensiyada assotsiatsiyaning hududiy boʻlimlari rahbarlari hamda assotsiatsiya vitse-prezidentlariga 2023-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berildi.
Xususan, taekvondo ITF sport turi bilan hozirgi kunda 60 ming nafardan ortiq sportchilar muntazam shugʻullanayotgani, ularning sonini 2023-2024-yillarda 80 ming nafarga yetkazish vazifasi yuklatildi.
Bundan tashqari, milliy terma jamoa bosh murabbiyi D.Pakka 2023-yil 16-19-mart kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo Chempionati (Toshkent) hamda Jahon chempionati (Astana) uchun tarkibni yangidan shakllantirish va yanada kuchaytirish yuzasidan vazifalar yuklandi.
Yigʻilish yakunida assotsiatsiya rahbari Laziz Hasanov assotsiatsiyaning 2023-yil uchun rejalashtirilgan ishlari bilan tanishtirdi va bu borada viloyat boʻlimi rahbarlari, vitse-prezidentlarga tegishli topshiriqlar berildi.