«Oʻzbekkino» milliy agentligi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, festival butun turk dunyosi kinoijodkorlarini uchrashuvlar oʻtkazish, fikr va gʻoyalar almashish uchun birlashtiradi.

Ishtirokchi mamlakatlar roʻyxatida Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Muxtor turk Respublikalari, Makedoniya, Kosovo, Vengriya va turk hamda unga yaqin (qardosh) jamoalar oʻrin olgan.

Oʻzbekistondan «Oʻzbekkino» milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov festival Kengashining faxriy aʼzosi, mashhur kinorejissyor Rashid Malikov esa hayʼat aʼzosi hisoblanadi.

Festivalning maqsadi hujjatli filmlar kino ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash hamda hujjatli filmlar ishlab chiqarishni rivojlantirish va kengaytirishga hissa qoʻshishdan iborat.