Toshkentda Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi oʻzi ishini boshladi

    Shu yilning 17-oktyabr kuni Toshkentdagi “Renessans Hall” majmuasida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusida ekspertlar muhokamasi tashkil etildi.

    Tadbirda davlat organlari masʼullari, xalqaro ekspertlar va huquqshunoslar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati instituti va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Unda davlat organlari masʼullari, xalqaro ekspertlar va huquqshunoslar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari ishtirok etgan tadbirda Oʻzbekistondagi demokratik islohotlarning yangi bosqichi doirasida saylovlarning ahamiyati, saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularning amaldagi samaradorligi muhokama markazida boʻldi. “Inson qadri uchun” degan tamoyilga asoslangan huquqiy islohotlarning mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish masalalari koʻrib chiqildi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekiston “huquqiy davlat” degan tamoyil qatʼiy qilib belgilangani, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga koʻpaytirilgani, inson shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi mustahkamlangani, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy majburiyati etib belgilangani hamda ularning xalqaro huquq normalariga toʻliq hamohangligi qayd etildi.

    Shuningdek anjumanda AQSH, Polsha, Irlandiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Turkiya va Qozogʻiston kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonda saylov qonunchiligi va huquq sohasida amalga oshirilgan ishlar, ilgʻor tajribalar va amaliy yechimlarni eʼtirof etdi.

    Kunning ikkinchi yarmida esa “Barkamol va sogʻlom avlod – Yangi Oʻzbekiston kelajagining poydevori” mavzusidagi xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

    Qayd etish lozimki, mazkur haftalik doirasida milliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan 300 dan ziyod xorijiy hamkorlar bilan birgalikda 50 dan ortiq uchrashuvlar, davra suhbatlari, amaliy muloqotlar tashkil etildi.

    Mazkur xalqaro tadbir doirasida xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tegishli bitimlarni imzolash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasida qarorlar qabul qilish kutilmoqda.

    Bundan tashqari, tadbirda 2025-yilda Toshkent shahrida yoshlar oʻrtasida III Osiyo va V Para Osiyo oʻyinlari boʻlib oʻtishi va buning uchun Toshkent shahrining qariyb 100 gektar yer maydonida Olimpiya shaharchasi barpo etilayotganligi aytib oʻtildi.


    Zulxumor Akbarova