Toshkentda yangi oqova suv tozalash inshootlarini qurish masalasi muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 19 May 2022 2319

    Joriy yil 18-mayda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirining birinchi oʻrinbosari, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov Osiyo taraqqiyot banki(OTB) delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Tadbirda OTB tarafdan xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik boʻyicha vitse-prezident Ashok Lavasa, bankning mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini va boshqalar qatnashdi.

    Uchrashuv chogʻida Ashok Lavasa oʻzbekistonlik hamkorlarni “Namangan shahrida oqova suv tozalash inshootlarini loyihalash, qurish, moliyalashtirish, ekspluatatsiya qilish va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha davlat-xususiy sherikligi” loyihasi boʻyicha tender savdolari muvaffaqiyatli oʻtgani bilan qutlab, oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida birinchi bunday loyihani yangi notijorat tuzilma bilan hamkorlikda amalga oshirish boʻyicha tezkor va puxta oʻylangan qaror qabul qilishda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ jamoasining hissasi beqiyos ekanligini taʼkidladi.

    Mehmonlar Toshkent shahrida yangi oqova suv tozalash inshootlarini qurish loyihasini qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

    Ushbu loyiha doirasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha shartnoma tuzish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi matbuot xizmati.