Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha,Toshkent shahrida ekologik jihatdan xavfli 87 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularni koʻchirish ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik jarayonlarni zamonaviy ekologik standartlarga moslashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida maxsus komissiya tomonidan sanoat obyektlarida doimiy reyd tekshiruvlari oʻtkazilmoqda.

Jumladan, Toshkent shahri Yangiyhayot tumani Janubiy sanoat zonasida ikkillamchi rangli metallarni yigʻish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Oʻzvtorsvetmet” AJ faoliyati oʻrganildi. Ushbu korxona ekologik xavflilikning 1-toifasiga mansub obyekt hisoblanadi.

2025-yil oktyabr oyida oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlanib, korxonaga majburiy koʻrsatma berildi.

Shuningdek, yetkazilgan ekologik zarar uchun 18 milliard 91 million 717 ming 137 soʻm miqdorida kompensatsiya hisoblandi.

Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi koʻrsatmalariga asosan, atrof-muhitga salbiy taʼsirning oldini olish maqsadida mazkur korxona Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga koʻchiriladi va Yangiyhayot tumani hududida ishlab chiqarish faoliyati toʻxtatiladi.

Kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha berilgan imtiyozlar hisobidan eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinib, korxona faoliyati zamonaviy, ekologik talablarga toʻliq javob beradigan texnologik jihatdan takomillashgan uskunalarda davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga oʻrtacha 226,7 tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldi olinishi kutilmoqda. Bu esa Toshkent shahri Yangiyhayot tumanida havo sifati sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi.