“Milliy” telekanalining “Millar” dasturida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi xususiy klinikada 31 yoshli erkak burun operatsiyasi vaqtida vafot etgani haqida xabar berildi.
Marhumning yaqinlarining bildirishicha, u nafas olishga qiynalgani uchun burnini operatsiya qildirishga qaror qilgan. Soʻrab-surishtirib, bu amaliyotni ijobiy fikrlar bildirilgan Qoraqamish dahasidagi xususiy klinikada amalga oshiradigan boʻlgan. Jarrohlik operatsiyasidan avval tegishli tekshiruvlardan oʻtgan. Shifokorlar operatsiyaga ruxsat bergan.
Biroq 12-noyabr kuni soat 11:30 larda operatsiyaga kirib ketgan erkak koʻp oʻtmay vafot etgan. Uning oʻlimi haqida yaqinlariga 3 soat oʻtib xabar berilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, 2025-yil 29-noyabr kuni xususiy klinika shifokorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Olmazor tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boʻlimining tegishli qaroriga asosan xususiy klinika faoliyati rasman toʻxtatilgan.
Tergov harakatlari har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻtkazilishi va natijasi boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.