Toshkentga olib kelinayotgan 315 kg sifatsiz goʻsht mahsuloti toʻxtatib qolindi

    Goʻsht laboratoriya xulosasiga asosan isteʼmolga yaroqsiz ekani aniqlandi.

    Surxondaryodagi “Darband” YPX maskanida oʻtkazilgan reyd tadbirida 21-aprel, yakshanba kuni soat taxminan 01:30 lar chamasida Denov-Toshkent yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan Denov tumanida yashovchi 1997-yilda tugʻilgan fuqaro X.F. boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasi toʻxtatildi.

    Viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini taʼminlash boʻlinmasi hamda viloyat veternariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvda avtomashina yukxonasidan 40 yoshli denovlik fuqaro S.B.ga tegishli boʻlgan hech qanday veterinariya hujjatlari boʻlmagan 315 kg yirik shoxli mol goʻshti olib ketilayotganligi aniqlangan.

    Ushbu goʻsht mahsuloti tegishli tartibda teshkshirilganda esa viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyasi xulosasiga asosan isteʼmolga yaroqsiz ekanligi aniqlandi.

    Hozirda goʻsht egasiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga asosan tegishli tartibda maʼmuriy bayyonnoma rasmiylashtirilgan hamda isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan goʻsht mahsuloti yoʻq qilingan.