Muloqotda agentlik rahbariyati bilan birga Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm vaziri o'rinbosari Ahmet Misbah Demircan, Turkiyaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Turkiyaning O'zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm maslahatchisi Alparslan Akıncı va boshqalar ishtirok etdi.

Kinematografiya agentligining xabar berishicha, tomonlar muloqot davomida "Ipak yo'li durdonasi" XIII Toshkent xalqaro kinofestivalida hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha muzokaralar olib borishdi. Unga ko'ra festival` doirasida O'zbekistonda turk kino kunlari o'tkazilishi rejalashtirildi. Shuningdek, ikki davlat kinoijodkorlari ishtirokida uchrashuvlar, jonli muloqotlar tashkil etish masalalari ilgari surildi. Muloqotda Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm vaziri o'rinbosari turk kinoijodkorlarining tashriflari Turkiya va O'zbekiston telekanallari orqali efirga uzatilishi taklifini bildirdi. SHu bilan birga Toshkent xalqaro kinofestivaliga mashhur turk kinoyulduzlarining tashrifini ta'minlash va kutib olish ishlari ko'rib chiqildi.

Agentlik Bosh direktori Turkiya delegatsiyasi bilan muloqot so'ngida 28 sentyabr` kuni start olishi kutilayotgan Toshkent xalqaro kinofestivali mehmonlarda yorqin va unutilmas xotiralar qoldirishiga ishonch bildirdi.

 

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati