Nufuzli mehmonlar qator davlat va hukumatlar rahbarlari, yirik moliya tashkilotlari, taniqli brend va kompaniyalar egalaridan iborat.
Ular
orasida BlackRock, Coca-Cola, Veolia, JAC Motors, John Deere, TBC Bank,
SOCAR kabi yuzlab dunyo gigantlarini uchratish mumkin. Mazkur brendlar
vakillarini Oʻzbekistonga bir maqsad — V Toshkent xalqaro investitsiya forumida
ishtirok etish istagi chorladi. Maʼlumotlarga koʻra, ishtirokchi
kompaniyalarning umumiy aktivlari 42 trillion dollarni tashkil etadi. Bu jahon
yalpi ichki mahsulotining 38 foizi degani.
Mazkur
raqamlar bu yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qayd etilgan yagona
rekord koʻrsatkich emas. Forumning yubiley sanasida deyarli barcha raqamlar
yangilandi. Xususan, sammitda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtganlar soni
8,3 ming nafardan oshgan boʻlsa, real sektorda 2,5 mingdan ziyod kompaniya
rahbarlari qatnashmoqda. Bu oʻtgan yildagidan ikki barobar koʻp, aynan shuning
oʻzi jahon global biznes vakillarining mazkur tadbirga qiziqishi hamda
mamlakatimiz investitsion jozibadorligi tobora ortib borayotganini koʻrsatadi.
—
Forumning yuksak siyosiy nufuzini unda 62 ta hukumat delegatsiyasi ishtirok
etayotgani ham yaqqol tasdiqlaydi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi
investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov. — Bu oʻtgan yildagidan
deyarli uch barobar koʻp. Qolaversa, V Toshkent xalqaro investitsiya forumining
ochilish marosimida 10 ga yaqin davlat va hukumat rahbari nutq soʻzlagani
xalqaro sammitning besh yillik ishidagi tarixiy voqelikdir.
Bu
yil ishtirokchilar soni ham, nufuzi ham ancha oshgan. Roʻyxatdan oʻtganlarni
tahlil qilganimizda, ilk bor AQSHdan ham oʻnlab yirik biznes egalari
kelayotganiga guvoh boʻldik. Bu tadbirga qiziqish ortib borayotganini
tasdiqlaydi. Qolaversa, unga xalqaro moliya tashkilotlari va tijorat
banklarining 370 dan ortiq vakili jalb etilgan. Forum ishini mahalliy ommaviy
axborot vositalari vakillaridan tashqari dunyoning 41 mamlakatidan kelgan 200
dan ortiq xorijlik jurnalist faol yoritmoqda. Ular orasida Bloomberg, Reuters,
Nikkei, Euronews, BBC News, CGTN, TRT, The Independent, Xinxua singari nufuzli
xalqaro axborot agentliklari ham bor.
Umuman,
mazkur yirik tadbir mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun katta imkoniyat, shu bilan
birga, biz uchun jiddiy masʼuliyat hamdir. Forumdan kutayotgan natijalarimiz
yuqori. Uch kunlik tadbirlar doirasida oʻn milliardlab dollarlik yangi
investitsiya bitimlari imzolanishi kutilyapti. Buning uchun barcha imkoniyatlar
ishga solinadi, tadbirlar davomida imzolanadigan yirik loyihalar ham
tayyorlangan. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkorlarimiz, hududiy tarmoqlardan
umumiy qiymati 82 milliard dollarlik taklif va loyihalar olingan. Toʻgʻri, bu
ushbu loyihalarning hammasi imzolanadi, degani emas. Ularni saralab,
investorlarga taqdim etyapmiz, ularda qiziqish uygʻotgan loyihalar boʻyicha
keyingi kelishuvlar belgilanadi.
Amerika biznesining rekord
darajadagi ishtiroki
Forum
ishtirokchilari qatorida oʻzimiz bilgan jahonga mashhur brendlar nomlarini
koʻrib, hayratlanmay ilojimiz yoʻq. Bunday yirik kompaniyalarni mamlakatga
chorlash u yoqda tursin, oʻzaro aloqalarni oʻrnatishning oʻzi oson emas. Ammo
bugun xorijlik investorlarning oʻzi yurtimizga katta qiziqish bilan kelyapti.
Bu yil ularning orasida AQSHlik ishbilarmonlar koʻpchilikni tashkil etayotgani
mamlakatimizning rivojlanayotgan iqtisodiyoti global maydonda allaqachon
ishonch uygʻota olgani, investitsion jozibadorligi oshib borayotganining yaqqol
isboti.
Toshkent
xalqaro investitsiya forumi esa har yili minglab chet ellik tadbirkorlarning
mamlakatimiz iqtisodiy imkoniyatlari bilan tanishishi, mahalliy korxonalar
vakillari bilan muloqot qilib, hamkorlik oʻrnatishi uchun sharoit yaratmoqda,
faol platformaga aylanyapti. Oʻtgan besh yil ichida ushbu forum shunchaki
muloqot maydonidan chiqib, butun Markaziy Osiyo mintaqasining investitsion
jozibadorligini namoyon etayotgan yirik tadbir sifatida eʼtirof etilmoqda.
Forumning maqsadi ham shunday — muloqotlar aniq amaliy hamkorlikka aylanishi,
xorijlik investorlarni mintaqa mamlakatlari bilan faol bogʻlashi kerak.
Poytaxtimizdagi
CAEx koʻrgazmalar majmuasi ayni jarayonlarning qoq markaziga aylangan. Boisi, V
Toshkent xalqaro investitsiya forumining oʻnlab uchrashuvlari ayni shu yerda
oʻtkazilmoqda. Bu yilgi dasturdan oʻrin olgan tadbirlar soni 36 tadan 79 taga
oshirildi. Ishtirokchilar panel munozaralar, investitsion pitch sessiya, davra
suhbatlari, biznes muloqotlarda qatnashmoqda. AQSH, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon,
Saudiya Arabistoni kabi qator davlatlar vakillari ishtirokida ikki tomonlama
biznes-forumlar oʻtkazilyapti. Ularda mintaqamiz va global maydondagi eng dolzarb
masalalar muhokama qilinmoqda. Jumladan, sanoatni rivojlantirish, “yashil”
energetika, Markaziy yoʻlak imkoniyatlari, raqamli boshqaruv, sunʼiy intellekt,
islom moliyasi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida eʼtibor
qaratilyapti. Spikerlar esa xalqaro toifadagi nufuzli mutaxassislardan iborat.
—
Forumda AQSHning 193 ta kompaniyasi ishtirok etyapti va bu mamlakatlarimizning
ikki tomonlama munosabatlari tarixidagi eng yirik biznes delegatsiya ishtiroki,
rekord koʻrsatkich sifatida baholanmoqda, — deydi AQSH Xalqaro taraqqiyot
moliya korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blek. — Bu Amerika biznesi
Oʻzbekistonni nafaqat istiqbolli bozor, balki uzoq muddatli sarmoyaviy hamkor
sifatida koʻrayotganiga ishoradir. Qolaversa, Markaziy Osiyo 100 milliondan
ortiq aholiga ega jadal rivojlanayotgan mintaqa boʻlib, Oʻzbekiston undagi
asosiy figuraga aylangan. Biz mamlakatda ulkan iqtisodiy salohiyatni koʻrib
turibmiz va faol hamda uzoq muddatli hamkorlikka tayyormiz. Koʻplab sohalar
bizni qiziqtiryapti. Hatto biznes-forum doirasida sanoat, neft va gaz, moliya,
aviatsiya, sunʼiy yoʻldosh aloqasi, raqamli infratuzilmani rivojlantirish
yoʻnalishlarida ikki tomonlama hamkorlik bitimlari imzolandi.
Tadbirkorlar uchun yangi
format
Xalqaro
forumning asosiy tadbirlaridan biri Milliy investitsiya koʻrgazmasi boʻlib, bu
yil ikkinchi bor oʻtkazilmoqda. CAEx koʻrgazmalar maydoni ayni tadbir ruhida
bezatilgan. Umumiy ekspozitsiyaning markazida mamlakatimizda qad rostlagan
yangi va zamonaviy olimpiya shaharchasi ramzi aks etib turibdi. Uning tagida
esa Yangi Toshkent shahrining katta maketi joylashtirilgan. Xorijlik mehmonlar
eʼtiborini tortayotgan bu majmuadagi aksariyat loyihalarda chet ellik
investorlarning oʻzlari ham ishtirok etayotir.
Bu
yilgi koʻrgazma avvalgisidan farqli. Maydon boʻylab birorta mahsulotni
uchratmaysiz, ular eng zamonaviy monitorlarda elektron tarzda namoyish
etilyapti. Jarayonda interaktiv formatlarga urgʻu berilib, zamonaviy
texnologiyalarning eng ilgʻor yutuqlaridan foydalanilgan. Har bir stendda
koʻrsatilgan maxsus QR-kod orqali elektron platformaga kirish va mahsulotlar
katalogi bilan tanishish mumkin. Bularning hammasi internet tarmogʻi orqali
amalga oshiriladi va bu borada mehmonlarga qiyinchilik tugʻilmaydi. Boisi,
koʻrgazma maydoniga kirgan har bir kishining mobil qurilmasi avtomatik tarzda
Wi-fi tarmogʻiga ulanadi.
—
Zamonaviy yondashuvning qulay tomoni — tadbirkorlar avvalgidek mahsuloti
namoyishi bilan ovora boʻlib qolmay, asosiy eʼtiborini investorlar bilan
muloqot qilish, oʻz loyihalarini tanishtirishga qaratyapti, — deydi
“Yarentextil Fotima” MCHJ rahbari Fotima Qurbonova. — Xalqaro tajribada ham
xorijliklar avval mahsulotlar bilan onlayn tanishishi ommalashgan. Maʼqul
kelsa, hamkorlik bosqichiga oʻtadi. Investorlarni topish, ular bilan muloqot
qilishga kelsak, bevosita yurtimizdagi qator masʼullar bunda tadbirkorlarga
yaqindan koʻmaklashyapti. Qolaversa, aynan ishbilarmon ayollar uchun
investorlar bilan sessiya ham tashkil etildi. Unda xorijliklarga
loyihalarimizni taqdimot qildik. Bunday koʻrgazmalar yangi hamkorlar topishga
katta yordam beradi. Masalan, oʻtgan yilgi Toshkent xalqaro investitsiya
forumida hunarmandlik mahsulotlarimizni Nyu-Yorkka eksport qilish boʻyicha
kelishuvga erishganmiz va ilk bor Amerika bozoriga kirib bordik. Bu yil ham
rejalarimiz katta, chunki dunyoning
100
dan ortiq davlatidan kelgan minglab investorlar hazil gap emas. Bu yangi
loyihalar uchun juda katta imkoniyat degani.
Bu
yilgi investitsiya forumida mahalliy tadbirkorlarni xorijlik investorlar bilan
bogʻlash, ularning hamkorlik oʻrnatishiga koʻmaklashishga alohida urgʻu
berilyapti. Hatto yurtimiz biznes doira vakillariga loyihalarini investorlarga
toʻgʻridan toʻgʻri taqdimot qilish imkoniyati yaratildi. Ilk bor
tadbirkorlarning investorlar bilan muloqoti uchun sohalar boʻyicha maxsus
sessiyalar tashkil etilgan. Mazkur yangi format orqali forumda ishtirok
etayotgan 3 mingdan ziyod mahalliy ishbilarmonni xorijlik biznesmenlar bilan
faol bogʻlash hamda aniq natijadorlikka erishish maqsad qilingan.
— Bu
yilgi forumda tumanimizdagi bir qancha tadbirkorlar bilan ishtirok etyapmiz, —
deydi Samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Roʻziyev. — Ularning
qiziqishi, ishtiyoqi juda baland. Chunki bu forum nafaqat investorlar, yangi
hamkorlar topish, balki mahalliy mahsulotlarimizni yangi bozorlarga eksport
qilish uchun ham juda katta platforma. Aynan investitsion loyihalar eksportni
ham, ishlab chiqarishni ham, hududlar rivoji, yangi ish oʻrinlari yaratishni
ham oshiradi. Oʻtgan yili Ishtixon tumaniga 70 million dollar toʻgʻridan
toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilgan boʻlsa, bu yil marrani 170 million
dollar qilib belgilab olganmiz. Forum davomida xorijlik investorlar
tumanimizning drayver tarmoqlaridan boʻlgan uzumchilik, qurilish materiallari,
turizm yoʻnalishlaridagi loyihalarga qiziqish bildiryapti. Muloqotlar qizgʻin
kechmoqda, dastlabki kelishuvlarga ham erishdik. Bu yil forumda mahsulotlar,
loyihalar aynan elektron formatda namoyish etilayotgani qulaylik yaratyapti.
Dunyoning koʻplab davlatlarida koʻrgazmalar shu tarzda tashkil etiladi. Bugun
koʻrgazma maydonida oʻrnatilgan stendlar jahon standartlariga toʻla javob
beradi. Elektron namoyishlarga qiziqish bildirgan investorlar bilan muzokaralar
oʻtkazyapmiz, ularni mahsulotlar bilan real tanishtirish uchun hududlarga
taklif qilyapmiz.
Yaʼni
milliy koʻrgazma shunchaki namoyish maydoni vazifasini bajarmay, bevosita
investitsiya loyihalarini imzolashga xizmat qilishi koʻzda tutilgan. Mahalliy
ishbilarmonlar orasida yangi ish boshlagan, avval xorijga chiqmagan, eksport va
hamkorlik masalalarida tajribasi yetarli boʻlmaganlari ham bor. Shu bois, bu
borada ularga har bir hududdan kelgan hokimliklar va tegishli tashkilotlar
vakillari faol koʻmaklashyapti.
Sarmoyadorlar sport maydonida
V
Toshkent xalqaro investitsiya forumi bu gal ana shunday yangiliklarga boy
tarzda oʻtmoqda. Rasmiy uchrashuvlardan tashqari norasmiy muhitdagi muloqotlar
yoʻlga qoʻyilgani xorijlik investorlarda ham qiziqish uygʻotyapti. Xususan,
forum tarixida ilk bor ishbilarmonlik dasturi nufuzli sport tadbirlari bilan
boyitildi. Rasmiy majlis zallaridan tashqariga olib chiqilgan bunday
uchrashuvlar hamkorlarga yanada qulay tanishuv imkoniyatini yaratdi.
Xususan,
yirik investor va xorijiy delegatlar, mahalliy tadbirkorlar, davlat idoralari vakillari
forum doirasida tashkil etilgan tennis turniri hamda yugurish marafonida
uchrashdilar. Dastlab ishtirokchilar 15-iyun kuni Olimpiya shaharchasida
oʻtkazilgan “TIIF Open” yirik tennis turnirida yakkalik va juftlik formatida
kuch sinashgan boʻlsa, keyingi kuni “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida boʻlib oʻtgan
marafonda 3 va 10 kilometr masofaga yugurishdi. Eʼtiborlisi, sport tadbirlari
Masdar, The Coca-Cola Company, Halyk Bank kabi jahonning eng yirik
kompaniyalari koʻmagida oʻtkazilib, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Bunday
loyihalar forumning strategik va ijtimoiy ahamiyatini ham namoyon etadi.
Qolaversa, hozir zamonaviy sport diplomatiyasi rivojlanib, ishbilarmonlik
aloqalarini oʻrnatishga xizmat qilmoqda. Turli avlod va davlatlar vakillarining
sport maydonlaridagi birlashuvi umumiy hamkorlik munosabatlarini ham
rivojlantiradi. Doʻstona muhit nafaqat bugun qabul qilinadigan iqtisodiy
qarorlar samarasi, balki uzoq yillar davom etadigan hamkorlik aloqalarida aks
etadi.
V
Toshkent xalqaro investitsiya forumi ana shunday mustahkam iqtisodiy aloqalarga
zamin yaratmoqda. Uch kun davom etadigan forum doirasida 10 milliardlab
dollarlik yirik investitsiyaviy bitim va shartnomalar imzolanishi kutilyapti.
Loyihalar bevosita yurtimiz hududlariga kirib borib, iqtisodiy rivojlanish,
aholi farovonligi va turmush tarzini oshirishga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri