Yigʻilish avvalida bugungi murakkab sharoitda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, qoʻshimcha qiymat, investitsiya va yuqori daromadli ish oʻrinlarini koʻpaytirishga yangicha yondashish zarurligi taʼkidlandi.

Poytaxt tumanlarining har biri oʻz salohiyatidan kelib chiqib, aniq yoʻnalishlarga ixtisoslashishi lozimligi qayd etildi.

Xususan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida Toshkentga kirib kelayotgan yuklarni saralash, qadoqlash, taqsimlash va yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik logistika majmualarini tashkil etish uchun katta imkoniyat bor.

Shayxontohur, Mirzo Ulugʻbek, Mirobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni koʻpaytirish orqali 2 milliard dollarlik kapital bozorini shakllantirish hamda 20-25 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratish mumkinligi taʼkidlandi.

Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa taʼlim, tibbiyot, savdo va servis sohalarida kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, 15-20 mingta ish oʻrni yaratish salohiyati mavjud.

Yigʻilishda Toshkent shahrida investorlar bilan ishlash tizimi samaradorligi ham koʻrib chiqildi.

Joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani boʻyicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Biroq ayrim hududlarda belgilangan koʻrsatkichlarga erishish uchun ishlarni yanada jadallashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Investorlarning masalalarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal qilish uchun alohida ish tizimi joriy etilishi belgilandi. Respublika va shahar darajasidagi masʼullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tezkor hal qiladi.

Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar boʻyicha shu kunning oʻzida asoslangan takliflar tayyorlanib, Prezident Administratsiyasiga kiritiladi. Mazkur tartib yil oxiriga qadar alohida nazoratda ishlaydi.

Kelgusi yilda poytaxtga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilish hamda 150-200 mingta yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratish boʻyicha aniq reja ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.