Bugungi kunda jinoyat sudlarida eng koʻp koʻrilayotgan ishlardan biri bu firibgarlik, yaʼni oʻzganing mulkini aldab yoki ishonchni suiisteʼmol qilib egallab olish, soʻng qoʻlga kiritgan pulni yoki mulkni qaytarib bermaslikdan iborat ekani hech kimga sir emas.

Jinoyat ishlari boʻyicha Quva tumani sudida koʻrib chiqilgan K.Shuhratov (taraflarning ismi-familiyasi oʻzgartirilgan) ham boshqa insonlarni aldab, oʻzganing puli evaziga yashashni kasb qilib olganlardan ekan.

Ish tafsilotlariga toʻxtalsak, fargʻonalik D.Safarova televizor koʻrib oʻtirib “Hop-Shop” TV reklamasini koʻrib qoladi va onasiga sovgʻa sifatida ushbu reklama kanalidan buyum sotib olmoqchi boʻlib, yuqoridagi TV kanal raqamiga qoʻngʻiroq qiladi. Texnika jihoziga buyurtma beradi.

Oradan bir necha kun oʻtib D.Safarovaga notanish raqamdan qoʻngʻiroq boʻladi. Notanish yigit oʻzini “Hop-Shop” TV kanalida ishlashini, uning buyurtmasi boʻyicha ayrim masalalarni aniqlab olishi kerakligini aytib suhbat boshlaydi. K.Shuhratov suhbat davomida D.Safarovaning oʻqishni tamomlab ishlayotgani, turmushga chiqmagani, oilasi va boshqa maʼlumotlarni batafsil soʻrab oladi. Shundan soʻng K.Shuhratov oʻzining gʻaraz maqsadini amalga oshirish rejasini tuzadi va bir necha kundan soʻng Toshkentdan Margʻilon shahriga keladi.

D.Safarova uni axtarib kelgan K.Shuhratovni koʻrgach goʻyoki bir necha yildan buyon oʻzi kutgan insonni uchratgandek boʻladi. Chunki bu yigit unga shirin soʻzlarni topib gapirar, katta vaʼdalar berar, oʻzining uylanmagani va unga oʻxshagan qizni uzoq vaqtdan buyon qidirib yurganini aytib, qizning boshini aylantiradi. Qiz ham firibgarning tuzogʻiga oson tushadi. “Shirin yolgʻonga” uchadi. Yigitning barcha talablarini unga ishonib, hech shubhalanmay bajaradi. Jumladan, K.Shuhratov unga uylanishi uchun uyini taʼmirlashga deb pul soʻraganda toʻplab yurgan barcha pullarini beradi. Yigit uni deb tayyor ishini tashlab kelganini aytib kelgusida “Toshkent–Margʻilon” yoʻnalishida kira qilishini aytib mashina sotib olishga yordam soʻraganda hech ikkilanmay ota-onasidan K.Shuhratovga berish uchun pul soʻraydi. K.Shuhratov barcha talablari D.Safarova tomonidan bajarilayotganini koʻrib navbatdagi hiylasini boshlaydi.

Firibgar yigit qizda unga berish uchun puli qolmagach, kredit doʻkonlaridan va tijorat banklaridan pul hamda turli tovarlar olib berishni “iltimos qiladi. D.Safarova bu talab firibgarning yana bir hiylasi ekanini anglamaydi yoki anglashni xohlamaydi, desak toʻgʻriroq boʻladi. Chunki kuyov boʻlmish yigit toshkentlik, soʻzamol, aslo zeriktirmaydi, xuddi “Oʻtgan kunlar” romanidagidek Otabek misol yigit edi-da.

K.Shuhratovning yuqoridagi xislatlari qizni tamoman “esdan ogʻdirgan”. Hatto, firibgarning “toʻygacha nikoh oʻqitib birga yashab yuraylik”-degan taklifiga es-hushli qiz koʻnadimi? Yoʻq, albatta, ammo soxta muhabbatdan hech nimani koʻrmay qolgan D.Safarova muttahamning bu taklifiga ham rozi boʻladi. Nikoh oʻqitib oʻz uyidan firibgarga joy beradi. Hiylasini oʻylaganidan ham “unumli ish berganidan” xursand K.Shuhratov yeb-ichishdan tortib ust-boshigacha boʻlgan xarajatni D.Safarova va uning yaqinlari zimmasiga ortib qoʻyadi. Har qanday qabihlikning ham oxiri boʻlganidek, “kuyov”ning xurmacha qiliqlari D.Safarovaning ota-onasi va aka-ukalarini kech boʻlsa-da hushyor torttirdi. Ular K.Shuhratovdan toʻy qilishni, el-yurtga uylanganini oshkor qilishni soʻray boshlaydi. Shundan soʻng K.Shuhratov soʻngi hiylasini boshlaydi. Fargʻona shahrida “Visol” toʻyxonasida dabdabali toʻy qilishini, Toshkentdan kazo-kazolar mehmonga kelishini aytib D.Safarova va uning yaqinlarini ishontirib, toʻy kunini belgilaydi. Toʻyxona manzili koʻrsatilgan soxta taklifnomalarni D.Safarovaning yaqinlariga tarqatib, hammani toʻyga taklif etadi.

Shundan soʻng firibgar K.Shuhratov kelin va uning yaqinlarini toʻplab ularga qimmatbaho toʻyxonada katta toʻy qilish uchun ancha qarz boʻlib qolganini, oʻziga yana biroz yordam kerakligini aytib ularni ishontiradi. Barchaning toʻyona pullarini yigʻishtirib olib Toshkent viloyatiga qochib ketadi. Toʻy kuni toʻyxonaga borgan kelin va uning qarindoshlari qanday ahvolga tushganini aytish shart emas.

Kech boʻlsada esini yigʻib olgan jabrlanuvchi D.Safarovaning arizasiga muvofiq K.Shuhratovga Jinoyat kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borildi. Aniqlanishicha, K.Shuhratov oilali, ikki nafar farzandi bor ekan. Ularga pul topib ishlab kelish uchun ketayotganini aytib Margʻilon shahriga kelgan ekan.

Xullas, tergov yakunlanib jinoyat ishi boʻyicha sud boʻlib oʻtdi. Sudda ham K.Shuhratov oʻzi yetkazgan zararlarni qoplash oʻrniga, jabrlanuvchi D.Safarovani yana aldashga urindi, oilasidan ajrashib unga uylanishini aytib, faqat zararlarni qoplangani haqida ariza yozib uni qamoqdan qutqarib qolishni iltimos qildi. Ammo, “koʻr ham hassasini bir marta yoʻqotadi” deganlaridek bu safar D.Safarova uni kechirmadi va muttaham K.Shuhratovning navbatdagi yolgʻoniga uchmadi.

Sud hukmi bilan firibgar K.Shuhratovga 6-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, aybdor oʻz jazosini oldi. Ammo, pullarni aytmay qoʻya qolay, D.Safarovaning yoʻqotgan umidlari va baxtini qaytarishni imkoni bormi? U ham sham nurini otash deb oʻylab kuyib qolganlardan biri boʻlganiga achinasan xolos. Shuning uchun oxirgi soʻzimiz shu – ogoh boʻling, toki jamiyatimiz firib beruvchi muttahamlardan tozalanmas ekan hamisha hushyor boʻlishga, qadrimizni, ishonchimizni va mulkimizni asrashga oʻzimiz masʼulmiz.

Zafarjon Omonov,

Jinoyat ishlari boʻyicha Quva tumani sudi raisi