Xalqimizda toʻyga toʻyona bilan borish anʼanasi bor. Bu anʼana ayniqsa, davlat va umummillat darajasidagi toʻy boʻlsa, oʻzgacha ezgulik kasb etadi. Yaqinda Oʻzbekiston atalmish ona Vatanimiz mustaqilligining shonli 30 yilligini koʻtarinki nishonladik. Bu bebaho neʼmatni asrab-avaylashda, mustahkamlashda oʻziga xos yutuqlari bilan hissa qoʻshishni maqsad qilgan Oʻzbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti istiqlolimizning 30 yillik tantanasiga toʻyona bilan keldi, deb ayta olamiz. Jumladan, asosiy qishloq xoʻjalik ekinlarimizdan boʻlgan paxta va bugʻdoyning yangi navlari yaratilib, amaliyotga joriy qilingani, soyaning genetik va botanik kolleksiyasi yaratilgani, uning eng yaxshi tizmalari yangi navlar sifatida Davlat nav sinoviga berilgani va baʼzilarining rayonlashtirilganini alohida taʼkidlash joiz. Shuningdek, respublikamizning yanada rivojlanishi uchun ustuvor yoʻnalishlarda bajarilgan ilmiy va amaliy loyihalarimiz ishlab chiqarishda qoʻllanilgani ham bizning katta yutugʻimiz. Xususan, oʻrta tolali gʻoʻza paxtachiligi amaliyotida Surxondaryo viloyatida keng maydonlarda oʻrta tolali gʻoʻzaning “Beshqahramon” navi, boshqa viloyatlarda esa “AN-Boyovut-2”, “Kelajak”, “Yuksalish”, “Zafar”, “Zamin”, “OʻzFA-703”, “OʻzFA-710”, “Sadaf” navlari va boshqa navlar yetishtirilib, moʻl va sifatli hosil olinmoqda. Oʻrta tolali gʻoʻzaning yuqori hosilli “Samara” va “OʻzFA-710” navlari Fargʻona viloyati uchun istiqbolli deb topilib, 2021-yili Davlat reyestriga kiritildi, bu navlarning birlamchi urugʻchiligi va ishlab chiqarish sinovlari tashkil qilindi.
Institutimizning bebaho mulki boʻlgan “Gʻoʻza genofondi” noyob obyektida madaniy, yarim yovvoyi, yovvoyi turlar tirik va urugʻ holatida saqlanib kelmoqda. Ushbu noyob obyekt dunyoning turli davlatlaridan keltirilgan 7500 ta gʻoʻza namunalarini oʻz ichiga oladi. Kolleksiyada Gossypium L. turkumining 50 ta turidan 45 tasi hamda ular ishtirokida olingan 500 ta sintetik duragaylar saqlanadi.
Yurtboshimiz va hukumatimiz tomonidan respublikamizning janubiy viloyatlarida ingichka tolali gʻoʻza navlari ekin maydonlarini kengaytirish, bu turga mansub yangi mahalliy navlarni yaratish va amaliyotga joriy qilish boʻyicha qabul qilingan Qarorlarni bajarish borasida institutimizda samarali ilmiy va amaliy izlanishlar olib borilgani natijasida ingichka tolali gʻoʻzaning yopiq holda gullashi evaziga navdorlikning juda yuqori boʻlishini taʼminlaydigan “Kleystogam 1”, koʻsaklari yirik, yuqori tola sifatiga ega “Angor”, tezpishar, tola chiqimi va sifati yuqori, nisbatan yirik koʻsakli “Marvarid” navlari, qator tizmalari yaratilib, amaliyotga joriy qilindi. Qayd etish lozimki, ingichka tolali gʻoʻza respublikamizda oʻtkir ekologik muammo boʻlgan suv tanqisligiga, garmselga, vertitsillez vilt kasalligiga, gʻoʻzaning xavfli zararkunandalari — oʻrgimchakkana va koʻsak qurtiga chidamlidir. U oʻrta tolali gʻoʻzaga nisbatan qimmatbaho tola mahsuloti beradi. Shuning uchun mamlakatimizda paxta asosan paxtachilik-toʻqimachilik klasterlarida yetishtirilayotgani va ularning yuqori sifatli tolaga extiyojlari katta ekanligidan kelib chiqib, tezpishar ingichka tolali “Marvarid” gʻoʻza navini nafaqat janubiy viloyatlar, balki respublikamizning oʻrta hududlaridagi paxtachilik-toʻqimachilik klasterlari uchun ham tavsiya etamiz. Hozirda institutimizda muhitning biotik va abiotik stress sharoitlariga (kasalliklar, zararkunandalar, qurgʻoqchilik, shoʻrlanish, yuqori harorat, garmsel va h.k.) chidamli gʻoʻza navlarini yaratish bilan bir qatorda, yuqori sifatli tabiiy rangli (qoʻngʻir, yashil) tola beradigan oʻrta tolali gʻoʻza navlarini yaratish boʻyicha ham ilmiy izlanishlar boshlab yuborilgan va bir qancha istiqbolli seleksion ashyolar olishga erishilgan. Ilmiy manbalarga koʻra, bunday navlarning tolasi antiseptik xususiyatga ega boʻlib, terida turli allergik holatlarni keltirib chiqarmaydi va inson organizmining tabiat bilan uygʻunlashuviga xizmat qiladi. Ulardan tibbiyot, toʻqimachilik, harbiy, turistlar uchun moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqish va boshqa sohalarda samarali foydalanish mumkin.
Bugʻdoyning institutimizda yaratilgan “Bardosh”, “Pahlavon”, “Oq marvarid” kabi navlari oʻzining nonbopligi, toʻyimliligi va kasalliklarga yuqori chidamli ekanligi bilan ajralib turadi. Hozirda bu navlar respublikamizning turli hududlarida ekilib, urugʻchilik ishlari keng koʻlamda olib borilmoqda. Olimlarimiz tomonidan don sifati yuqori boʻlgan mahalliy qadimiy bugʻdoy navlari ham tiklanib, seleksiya va amaliyotga joriy qilinyapti. Bu ekin turining zamon talabiga mos navlarini yaratishda molekulyar genetik usullarni qoʻllash boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda.
Institutimizda respublikamiz qishloq xoʻjaligida asta-sekin oʻz oʻrnini topib, ekin maydoni kengayib borayotgan, doni tarkibida oqsil va yogʻ miqdori koʻp boʻlgan, oziq-ovqat va chorvachilik sohalari uchun bebaho ekin boʻlgan soyaning genetik va botanik kolleksiyasi yaratilgan. Olib borilgan ilmiy va amaliy tadqiqotlarning natijasi oʻlaroq, soyaning tezpishar “Genetik-1”, “Xotira”, “Ehtiyoj” va pishganda dukkaklari chatnab, doni yerga toʻkilib ketmaydigan “Sochilmas” navlari yaratildi va amaliyotga joriy etildi. Shu kabi qator istiqbolli tizmalar Davlat nav sinoviga berildi.
Keyingi yillarda respublikamizda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, ulardan ichki ehtiyojni taʼminlash va eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar tayyorlashga katta eʼtibor berilayotgani bois inson salomatligini saqlashda, umuman, oziq-ovqat va tibbiyot sohalarida juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan zanjabil va zarchava ekinlari boʻyicha ham keng koʻlamli ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Qishloq xoʻjalik ekinlari kasalliklarini chaqiruvchi zamburugʻ, bakteriyali va virusli kasalliklarga tashhis qoʻyish, mikroorganizmlar kolleksiyasini saqlash va yangi namunalar bilan boyitish yoʻnalishida ham tadqiqotlar jadal olib borilmoqda. Institutimizdagi fitopatogen va boshqa mikroorganizmlar kolleksiyasi Oʻzbekistonda yagona boʻlib, tirik organizmlarning noyob ixtisoslashtirilgan kolleksiyasi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Kolleksiya tirik mikroorganizmlarning 516 ta shtammlarini, asosan Oʻzbekistonning asosiy qishloq xoʻjalik ekinlaridan ajratib olingan va 17 turga mansub boʻlgan zamburugʻlarini oʻz ichiga oladi.
Yurtboshimiz oʻzining “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusida qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlarga, bu sohadagi muammolarga alohida toʻxtalib oʻtdi va mavjud ekin maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish eng ustuvor vazifalardan ekanligini taʼkidladi. Respublikamizda hozirga qadar dunyo tajribasidan farqli oʻlaroq yetishtiriladigan paxta hosili uchun toʻlovlar va boshqa hisob-kitoblar chigitli paxta xom-ashyosi boʻyicha amalga oshirilmoqda. Bunday holat paxtachilik xoʻjaliklarini “tosh bosadigan”, yaʼni chigiti ogʻir, lekin tolasi kam boʻlgan gʻoʻza navlarini tanlash va ekishga olib kelmoqda. Paxta yetishtirishdan asosiy maqsad — koʻproq va sifatli tola mahsuloti olish ekanligidan kelib chiqsak, tola chiqimi past boʻlgan navlarni ekish sugʻoriladigan yerlardan samarasiz foydalanish demakdir.
Paxtachilik sohasida dunyo tajribasidan farqli oʻlaroq yetishtiriladigan hosil uchun toʻlovlar va boshqa hisob-kitoblar chigitli paxta xom ashyosi boʻyicha amalga oshirilmoqda. Bunday holat paxta yetishtiruvchilarni “tosh bosadigan”- chigiti ogʻir, lekin tolasi kam boʻlgan gʻoʻza navlarini tanlash va ekishiga olib kelmoqda. Bu holatni toʻgʻrilash uchun paxta yetishtiruvchilar va paxtani qayta ishlash korxonalari oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitob yetishtirilgan paxta xom-ashyosi bilan emas, balki tola hosili orqali amalga oshirilishi shart. Bu muammoni yechish uchun, shu sohada rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganish, paxta xom ashyosidan tola chiqishini aniqlash uslubini ishlab chiqish, ishlab chiqilgan uslubni paxta-toʻqimachilik klasterlariga joriy etish natijasida mamlakatimizda paxta-tolasi hosildorligi 10 foizgacha oshadi va seleksioner-olimlarga tola hosildorligi yuqori boʻlgan gʻoʻza navlarini yaratish imkoniyatini beradi. Institutimizda bu kabi vazifalarga katta eʼtibor berilmoqda.
Olimlarimiz tomonidan 2017-2020-yillarda 42 ta monografiya, “Web of Science Core Collection” yoki “Scopus” maʼlumotlar bazasiga kiruvchi yetakchi xorijiy ilmiy jurnallarda 91 ta, MDH ilmiy jurnallarida 65 ta va respublika ilmiy jurnallarida 263 ta maqola chop etildi.
2020-yili xalqaro konferensiya tashkil qilindi. Xorijiy ilmiy institutlar bilan ilmiy hamkorlik qilinmoqda. Bir nafar olimimizga (S.K. Baboyev) 2020-yili “Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fidoiysi” koʻkrak nishoni berildi. 1 nafar akademik, 16 nafar fan doktori, 31 nafar fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD), 67 nafar ilmiy xodim, 17 nafar doktorant ilmiy faoliyat olib boradi.
2017-yildan shu vaqtga qadar ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashimizda 50 dan ziyod fan doktori va falsafa doktori dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi. OʻzR FA ilmiy tadqiqot muassasalarining 2020-yilgi ilmiy va amaliy natijalari boʻyicha reytingida institutimiz 105 ta ilmiy-tadqiqot muassasalari orasida 16-oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi.
Ahil jamoamiz mamlakatimiz mustaqilligining shonli 30 yilligini yuqorida aytib oʻtilgan yutuqlar bilan qarshilamoqda. Hammamiz ushbu qutlugʻ bayramni shodiyonalik, xushkayfiyat, shod-xurramlik bilan kutib olamiz. Bor kuchimiz, gʻayratimiz, bilimimiz va malakamizni mustaqilligimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga, davlatimizning iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga qaratamiz, deb Prezidentimizga, xalqimizga vaʼda beramiz.
A.NARIMANOV,
OʻzR FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyachi instituti direktori, qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor
S.NABIYEV,
Laboratoriya mudiri, biologiya fanlari doktori, professor
A.AZIMOV,
biologiya fanlari doktori