Loyihani mamlakatning “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temiryoʻl magistralidan keyingi “ikkinchi yirik strategik loyihasi” sifatida taʼrifladi.
Uning soʻzlariga koʻra, texnik-iqtisodiy asoslanish (TIA)ni ishlab chiqish boʻyicha hadli kelishuvning imzolanishi tomonlar ancha vaqt davomida tayyorgarlik koʻrib kelgan “birinchi va juda muhim qadam” boʻldi. Tomonlar oʻz sarmoyasi bilan kirib, detallashgan asosni ishlab chiqishga kelishishdi.
“Hadli kelishuvni imzolash barcha tomonlarga amaliy qadamlarga oʻtish imkonini beradi. Bu — TIAni batafsil ishlab chiqish, yer va geologiyani oʻrganish, trassirovka, iqtisodiy va moliyaviy tahlil. Bu, shuningdek, [loyihani] nafaqat oʻzimiz, balki butun jahon hamjamiyati uchun ham koʻrsatish va asoslash imkonini beradi”, — dedi Jasurbek Choriyev.
Uning taʼkidlashicha, Eron va Qora dengiz portlariga chiqish imkoniyati mavjud boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston uchun dengizga eng qisqa yoʻl Transafgʻon koridori hisoblanadi, u Pokistondagi Karachi portlariga olib boradi.
“Hozir Janubiy Osiyodan kelayotgan yoʻlaklar Transsibir magistrali, „Shimoliy oqim« yoki Suvaysh kanali orqali Qora dengizga, u yerdan esa oʻrta yoʻlak orqali bizga qaytmoqda. Yaqindagi ziddiyat natijasida Bandar-Abbos (Erondagi) porti yopilgani logistika zanjiri qanday zaif ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Prezidentimiz bu yoʻnalishda qanday toʻgʻri yoʻl tutayotganimizni aniq-ravshan koʻrsatib berdi”, — dedi transport vaziri oʻrinbosari.
Transport vazirligi prognozlariga koʻra, temiryoʻl qurilishining birinchi bosqichida yiliga 3 mln tonnacha yuk tashish mumkin boʻladi. 2035−2040-yillarga kelib bu koʻrsatkich 15−20 mln tonnaga yetishi mumkin. Vazir oʻrinbosari bu koʻrsatkichlar Oʻzbekistonning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari kengayishi tufayli oshishi mumkinligini inkor etmadi.
“Kelishuv imzolangandan soʻng biz allaqachon fikrlar, izohlar va telefon qoʻngʻiroqlarini olmoqdamiz. Loyihaning oʻzigagina emas, balki uni birgalikda rivojlantirishga ham qiziqish ortgani koʻrinib turibdi”, — dedi u.
“Biz arzon va tezkorroq yoʻl haqida gapiryapmiz. Transafgʻon temiryoʻli orqali Oʻzbekiston uchun ulkan bozor ochiladi. Shuningdek, bu tranzit yuklarni tashishda qoʻshimcha afzalliklar beradi. Agar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham bu loyihadan foydalansa, ular ham katta imkoniyatlarga ega boʻladi. Bu dengiz portlariga eng qisqa yoʻl. Yoʻlakning salohiyati ulkan va biz uchun strategik ahamiyatga ega”, — deya qoʻshimcha qildi vazir oʻrinbosari.
Bugungi kunda Oʻzbekistondan Karachi portlarigacha multimodal yoʻlak orqali avtomobil transportida yuk yetkazib berish 35−40 kun vaqt oladi.
“Bu Afgʻoniston, Oʻzbekiston va Pokistondan tashuvchilar qatnashayotgan tabiiy jarayon. Tahlillarga koʻra, yil davomida taxminan 300 ming tonna yuk tashilgan, hozirda esa bu koʻrsatkich 1 milliondan oshib ketgan. Yaʼni oʻsish juda keskin. Agar temiryoʻl bilan bogʻlaydigan boʻlsak, arzon yuklar olish imkoniyati paydo boʻladi”, — dedi vazir oʻrinbosari.
Oʻzbekiston — Afgʻoniston — Pokiston temiryoʻlini Termiz — Naybabod — Maydanshahr — Logar — Xarlachi yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazish rejalashtirilgan.
“Naybabod stansiyasi Hayraton va Mazori-Sharif oʻrtasida joylashgan. Naybaboddan yoʻnalish sharqqa buriladi, Logar va Xarlachidan oʻtib, Pokiston temiryoʻl tarmogʻiga tutashtiriladi. Pokiston tomonida Xarlachini Koʻhot bilan bogʻlovchi 143 kmlik uchastka bor. Hozir Pokiston ushbu uchastkada qurilishni boshlagan. U yakunlangandan soʻng Peshovar, Laxor, Islomobodga yaqin boʻlamiz. Keyin yoʻl Multon shahriga — yirik oʻrta markazga, u yerdan esa Karachiga olib boradi. Pokiston hozir ushbu yoʻnalishlarda oʻz temir yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilmoqda”, — dedi Choriyev.
Oʻzbekiston temiryoʻl qurilishini olti oy ichida boshlashi mumkin, loyihani amalga oshirish muddati esa besh yilni tashkil etishi mumkin.
“Temiryoʻl qurilishini boshlashdan avval biz tomonlar oʻrtasida maʼlum muddatlarni belgiladik. Menimcha, bu muddatlar juda qisqa, ammo ulkan rejalarni oʻz ichiga oladi — biz olti oyni belgiladik. Odatdada bunday loyihalarni ishlab chiqishga bir-ikki yil kerak boʻladi. Ammo tomonlarning tezroq amalga oshirishga boʻlgan ishonchini hisobga olgan holda jarayonni tezlashtirmoqchimiz. Shu jarayondan soʻng TIAni boshqa davlatlarga taqdim etib, aniq prognoz va salohiyatni koʻrsatib, qiziqishni jalb qilib, loyihani birgalikda amalga oshirish mumkin boʻladi”, — dedi u.