Tarixga nazar soladigan boʻlsak, Markaziy, Janubiy va Sharqiy Osiyo azaldan bir-birining madaniyatini, iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashda hamda aloqalarni mustahkamlashda oʻzaro hamjihat boʻlgan. Buyuk ipak yoʻli hamda Hind-gang yoʻli orqali mahsulotlar, aloqalar, yangi ishlanmalar, bilim, hunar va madaniy qadriyatlar tarqalgan. Koʻpincha bu mintaqalar yaxlit davlat tarkibida ham boʻlgan. Baqtriya va Kushon imperiyasi, Turk xoqonligi, Gʻaznaviylar, Temuriylar va Boburiylar davlati bunga yaqqol misoldir.
Hozirda Respublikamiz rahbariyati va masʼul tashkilotlari tomonidan Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyoni samarali va xavfsiz bogʻlaydigan transport-logistika infratuzilmasini barpo etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻlining qurilishi bu uzviy aloqalarni mustahkamlashda muhim boʻgʻin boʻladi. U ikki mintaqaning tranzit salohiyatini toʻla yuzaga chiqarib, yuk tashish masofasi va vaqtini ancha qisqartiradi. Shu boisdan ham, bu loyiha ishtirokchi davlatlar va xalqaro moliya institutlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Natijada har ikki davlatning transport iqtisodiy salohiyati oʻsishiga erishiladi.
Savdo, tranzit va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, bu borada qoʻshma harakatlar strategiyasini qabul qilish zarurligi qayd etilgan.
Butun dunyoda oziq-ovqat, sogʻliqni saqlash va xavfsizlik masalalari ham dolzarb boʻlib bormoqda. Shu bois, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti shafeligida mintaqa mamlakatlari qishloq xoʻjaligi vazirlarining uchrashuvini oʻtkazib, qoʻshma dastur ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
Davlat rahbari ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikka ham alohida ahamiyat qaratdi. Qoʻshma tadqiqot va tajriba almashish dasturlarini ragʻbatlantirish, olim va tadqiqotchilar uchun yengillashtirilgan viza tartibini joriy qilish muhimligini taʼkidladi.
Konferensiya arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi. Prezident mazkur tahlil markazi negizida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ekspertlar guruhi tuzishni taklif etdi.
“Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy-madaniy mushtarakligi, mamlakat va xalqlarimizning bir-biriga mos keluvchi manfaatlari umumiy farovon kelajakni barpo etishimiz uchun asos boʻladigan mustahkam poydevordir. Birgalikda barqaror rivojlanish istiqbollari boʻyicha aniq yondashuvga ega boʻlishimiz lozim. Oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyoni, butun Yevrosiyo qitʼamizni birgalashib barqaror, iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish maqsadi turibdi”, – dedi u.
Oʻzbekiston portlarimiz orqali dunyoga chiqishi mumkin — Imron Xon Pokiston bosh vaziri oʻzi va hukumati «Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshovar» temir yoʻl loyihasini amalga oshirishda koʻmakchi boʻlishini maʼlum qildi. Bu esa Oʻzbekiston uchun transport-tranzit sohasidagi va savdo-sotiq aloqalaridagi yangi eshiklarni ochilishiga zamin yaratadi.
Oʻzaro aloqalarni, parvozlarni koʻpaytirish, transport qatnovini kengaytirish orqali xalqaro aloqalarni mustahkamlashimiz lozim. Pokiston chegarasidan sinov tariqasida yoʻlga chiqqan yuk mashinasi 2 kun ichida Oʻzbekistonga yetib kelgan va bu juda yaxshi koʻrsatkich hisoblanadi.
Shavkat Mirziyoyev Imron Xonning rasmiy tashrifini “davlatlararo munosabatlar tarixida yangi sahifa ochadigan muhim siyosiy voqea” deb baholadi. Ushbu aloqalarning rivojlanishi dengiz yoʻli orqali boshqa mintaqalarga ham savdo sotiq aloqalarini oʻrnatishga imkon yaratadi
Shuningdek, Imron Xon Afgʻonistonning barcha qoʻshnilari, mintaqaviy va xalqaro “oʻyinchilar”ni afgʻon muammosi yuzasidan siyosiy kelishuvga erishish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirdi. Chaqiriq Afgʻoniston va unga chegaradosh boʻlgan davlatlar aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Oʻzaro savdo aylanmasini koʻpaytirish, buning uchun kargo-aviaqatnovlarini yoʻlga qoʻyish, ikki tomonlama imtiyoz va preferensiyalar berish har ikki davlatning iqtisodiy manfaatlariga ijobiy hissa qoʻshadi.
Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, harbiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlashga doir masalalarning koʻrilishi savdo aloqalarning ishonchliligiga, xavfsiz va qulay infratuzilmani shakllanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Respublikasiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda xalqaro aloqalar tashkilotlarining bugungi kundagi Respublikamiz rivoji va ravnaqi uchun qilayotgan jonkuyarliklari beqiyos. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar kelajak avlodlarimizning barkamol va iqtisodiy mustahkam salohiyatga ega boʻlgan davlatda oʻsib ulgʻayishlariga zamin yaratadi.
Gʻ.SAMATOV,
Toshkent davlat transport universiteti professori,
iqtisodiyot fanlari doktori,
D.YOʻLDOSHEV,
assistent