Ibrohim 2003-yilda tavallud topgan. Oʻrta maktabni tamomlab, hozirda “Chorsu” dehqon bozorida quruq mevalar savdosi bilan shugʻullanadi. U bu galgi 24-oktyabr hayajonli va unutilmas sana sifatida oʻtayotganini qayta-qayta taʼkidladi.
- Saylovga taklifnoma tashlab ketishgan kundan beri intiqlik bilan kutdim. Saylovchilar roʻyxatida ismimni koʻrib, rosti, boshqacha quvondim. Negaki, endi siyosiy jarayonlarda, davlat boshqaruvidagi soʻrovlarda faol qatnashish, qoʻllab-quvvatlash imkoniga, shaxsiy fikrimizga egamiz. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportini olganimda ham hozirgiday kayfiyatim zoʻr, xursand boʻlganim yodimda. Bugun oʻz ovozim muhim ahamiyatga ega ekanini dildan his etdim. Dastlab menga ovoz berish tartib-qoidalarini tushuntirishdi. Keyin baxtli kelajagimiz uchun tanlovimni amalga oshirdim, - deydi suhbatdoshimiz Ibrohim Kamolov.
Qoʻshaloq bayramni nishonlagan yosh tadbirkor xalq manfaatlarini har narsadan ustun qoʻyadigan mamlakatimiz yetakchisini saylashda ishonch bilan qaror qabul qildi, xohish-irodasini erkin bildirdi.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.