AOKAda oʻtkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Oʻrinboyeva davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida aholiga yaratilayotgan yengilliklar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Taʼkidlanishicha, QR-kodli maʼlumotnomani davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qatʼiyan taqiqlanadi. Tugʻilganlik haqidagi gerbli guvohnoma fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari tomonidan belgilangan miqdorda gerb yigʻimi undirilgan holda rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, 2022-yil 1-noyabrdan 2023-yil 1-iyulga qadar nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatining tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish belgilandi.
Oʻtkazilgan huquqiy eksperiment natijalari boʻyicha ushbu davlat xizmatlarini davlat xizmatlari markazlari orqali joriy etish maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritiladi.
Brifingda, shuningdek, tadbirkorlik subyekti boʻlmagan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish mexanizmlari va bu borada yaratilgan imkoniyatlar haqida ham maʼlumot berildi.