Masalan, 16 ta tuman umuman meva-sabzavot eksport qilmagan. Yoki, paxta ekmaydigan 28 ta tumanda eksport koʻrsatkichlari qoniqarsiz. Ushbu tumanlarda mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va sotish boʻyicha eksportchilar hamda dehqonlar oʻrtasida kooperatsiya tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.

Shu munosabat bilan meva-sabzavot eksportiga beeʼtibor boʻlgan tuman hokimlari, qishloq xoʻjaligi va eksport boʻyicha oʻrinbosarlariga qatʼiy eʼtiroz bildirildi.

Bu yil hududiy dasturlar doirasida respublika boʻyicha oziq-ovqat yoʻnalishida 833 million dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Lekin, 14 ta tumanda oziq-ovqat boʻyicha birorta loyiha yoʻqligi tanqid qilindi.

Bu yili oziq-ovqat sanoatida kamida 100 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va 1 milliard dollar eksport qilish reja qilingan.

Lekin, oziq-ovqat yoʻnalishidagi ayrim korxonalar aylanmasi uchun mablagʻ ola olmagan, ayrimlari sifat boʻyicha raqobatga bardosh berolmagan, tejamkor texnologiya oʻrnatmagani uchun tannarx baland boʻlgan.

Shu kabi, oziq-ovqat yoʻnalishidagi 20 ta yirik korxona xom ashyo yetishmasligi, mahsulotiga bozor topish va aylanma mablagʻ muammolari sababli quvvatlarini yarmini ham ishlatayotgani yoʻq.

Mutasaddilar, hokimlar yangi loyiha qilish uyoqda tursin, tayyor korxonalarga koʻmak berishni oʻylamayotgani koʻrsatib oʻtildi.