Hujjat bilan 2021-2022-yillarda qishloqni tuman markazi bilan, tuman markazini viloyat markazi bilan bogʻlaydigan yangi avtobus yoʻnalishlarini tashkil etishning maqsadli parametrlari tasdiqlandi. Xususan, jami 310 ta yangi avtobus yoʻnalishlari tashkil etiladi. Ulardan:

  • shahar - 60 ta;
  • shahar atrofi - 193 ta;
  • shaharlararo (viloyat ichida) - 57 ta.

Shunday tartib oʻrnatilmoqdaki, unga muvofiq:

  • tijorat asosida yoʻlovchilar tashish xizmatini koʻrsatadigan yuridik shaxslar tomonidan koʻriladigan zarar miqdori 30%gacha (30% ham shu jumlaga kiradi) boʻlgan yoʻnalish norentabel avtobus yoʻnalishi boʻlib hisobga olinadi (Toshkent shahri bundan mustasno);
  • norentabel avtobus yoʻnalishlaridan koʻriladigan zararlar 2021-yilda - Qoraqalpogʻiston respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan, 2022-yildan boshlab - zarur mablagʻlar har oyda mahalliy byudjetlardan ajratiladi;
  • tashuvchilarga norentabel yoʻnalishlar boʻyicha subsidiya ajratish Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan hududiy komissiyalarning qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Tashuvchilar tomonidan shahar atrofi va viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yoʻnalishlaridan koʻriladigan zararlarni qoplash boʻyicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.

Transport vazirligiga quyidagilar topshirildi:

  • aholi soni, zichligi, bozorlar va ijtimoiy soha obyektlari joylashishi hamda yoʻlovchi tashish tarifidan kelib chiqqan holda shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yoʻnalishlari reyestrini shakllantirib borish;
  • vazirlikning hududiy transport boʻlinmalari tomonidan har oyning 25 sanasiga qadar norentabel avtobus yoʻnalishlari boʻyicha koʻrilgan zarar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hududiy komissiyalarga kiritib borilishini taʼminlash.

Tijorat banklariga hududlardagi tashuvchilarga avtobus va mikroavtobuslar xaridini moliyalashtirish uchun maqbul shartlarda hamda MBning qayta moliyalashtirish stavkasidan 1,5 baravaridan oshmagan foizda kreditlar ajratish tavsiya etildi.

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan tijorat banklarining avtobus va mikroavtobuslar xaridi uchun ajratiladigan kreditlari boʻyicha kredit summasining 50%igacha (50%i ham shu jumlaga kiradi), biroq 8 mlrd soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda kafillik beriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 09.10.2021-yildan kuchga kirdi.