Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi xodimlari hamda Davergeodezkadastr qoʻmitasi tarkibidagi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari buni amalda yana bir karra isbotladi.

Olimlar oʻzaro hamkorlikda organik maishiy va qishloq xoʻjaligi chiqindilarini braziliya pashshasi (Hermetia illucens) lichinkalari yordamida qayta ishlab, ozuqa biomassasi va organik oʻgʻitga aylantirish texnologiyasini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etmoqda.

Chiqindilar yil sayin davlatlarning ekologik xavfsizligi va aholi salomatligiga jiddiy xavf soluvchi muammoga aylanib bormoqda. Ular atrof-muhit, jumladan, yer resurslari, yer usti va yer osti suvlari, oʻrmonlar hamda boshqa ekin turlariga sezilarli darajada salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bunga qarshi oʻz vaqtida keskin choralar koʻrilmasa, urbanizatsiya va aholi sonining oshib borishi hisobiga kelgusida muammo yana-da jiddiy tus olishi ehtimoli yuqori.

Afsuski, yurtimizda ham bu boradagi koʻrsatkichlar yildan yilga oʻsib bormoqda.Ayni paytda mamlakatimizda yiliga 14-14,5 million tonna chiqindi hosil boʻladi. Aholi sonining 1,5 foizga oshishi hisobiga 2028-yilga borib bu koʻrsatkich 16-16,7 million tonnaga yetishi mumkin. Olimlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan yangi, tejamkor va noanʼanaviy texnologiya esa chiqindilarni qayta ishlashda oʻziga xos yangilik boʻlishi kutilmoqda.

— Hozir bu yoʻnalishda amaliyotda qoʻllanilayotgan usullarning aksariyati iqtisodiy jihatdan qimmat va koʻp energiya talab etgani bois real foyda keltirmaydi, — deydi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti direktori, biologiya fanlari doktori Shuhrat Bobomurodov. — Biz tavsiya qilayotgan yechimning noyobligi shundaki, unda deyarli har qanday oziq-ovqat chiqindilari, jumladan, parranda va hayvonlar chiqindilari ham braziliya pashshasi lichinkalari uchun ozuqa manbai boʻladi. Ushbu chiqindilarni biokonservatsiya qilish (qayta ishlash) jarayoni juda qisqa muddatlarda, patogen mikroorganizmlarni umuman hosil qilmagan holda yuz beradi. Ushbu texnologiyani qoʻllashning yana bir afzalligi — jarayonda braziliya pashshasi yashash joyini tark etmaydi hamda insonlar va hayvonlar uchun kasalliklar manbai va tarqatuvchisi hisob­lanmaydi.

Chiqindilar tarkibida juda koʻp miqdorda ozuqa moddalari mavjud boʻlib, sifati pastligi va taʼmining yomonligi sabab koʻplab jonzotlar isteʼmol qilmaydi. Ammo braziliya pashshasi lichinkalariga ozuqaning taʼmi hech qanday ahamiyatga ega emas, ular berilgan barcha ozuqalarni yeydi va oʻzidan biologik oʻgʻit – zoogumus deb nomlanuvchi kompost qoldiradi.

Zoogumusdan tuproq bakteriyalari uchun qimmatli ozuqa manbai hamda shoʻrlangan tuproqlar degradatsiyasini pasaytiruvchi, unumdorligini oshiruvchi preparatlar ishlab chiqarishda foy­dalanish mumkin. Odatda chiqindilarni kompostlashning anʼanaviy usullari mikroorganizmlar tomonidan tuproqqa qoʻllaniladigan holatga keltirilguniga qadar bir necha yil davom etadi. Chiqindilarni yomgʻir chuvalchanglari yordamida kompostlash (vermikompostlash) orqali ushbu jarayonni uch oy muddatgacha tezlashtirish mumkin. Ammo braziliya pashshasi lichinkalari bu ishni bir haftadayoq uddalaydi. Shu bois, yangi texnologiya soddaligi hamda baliqlar va hayvonlar uchun oqsil manbai ekanligi barobarida tuproq unumdorligini oshiruvchi vosita sifatida ham ommalashmoqda.

Boshqa usullardan farqli oʻlaroq, yangi texnologiyada chiqindilarni mexanik maydalashga hojat qolmaydi. Ularni braziliya pashshasi lichinkalarining oʻzi isteʼmol va hazm qilish jarayonida deyarli bir xil oʻlchamdagi mayda zarrachalarga boʻlaklaydi. Lichinkalar organik chiqindilar massasidan barcha ozuqa moddalarini oʻzlashtirganidan soʻng ularning hajmi 50 foiz ga kamayadi. Chiqindilarning oʻzi esa oʻsimliklar uchun yuqori qiymatga ega, ekologik toza, sifatli oʻgʻitga aylanadi.

— Braziliya pashshasi lichinkalari gumusi, oʻsimliklar immunomodulyatorlari, agrodronlar yordamida tuproqni diagnostika qilish usullarini birgalikda qoʻllash respublikamizdagi degradatsiyaga uchragan tuproqlarni sogʻlomlashtirishda ijobiy natija beradi, — deydi Shuhrat Bobomurodov. — Bu esa tuproqlarga pestitsidlarning salbiy bosimini pasaytirish, unumdor yerlarda sifatli meva-sabzavotlar yetishtirib, aholini sogʻlom va ekologik toza mahsulot bilan taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Olimlarning taʼkidlashicha, ushbu loyihaning amaliyotga joriy qilinishi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi organik chiqindilarini utilizatsiya qilishdagi sarf-xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish hamda yuqori sifatli oson oʻzlashtiriluvchi oqsil va organik oʻgʻit olishda katta samara beradi. Ayni vaqtda yangi texnologiyani ishlab chiqarish sharoitiga yana-da keng joriy etish boʻyicha izlanish­lar davom ettirilmoqda.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri