Men tugʻilib oʻsgan va ayni paytda pedagoglik faoliyatimni olib borayotgan Qoʻrgʻontepa tumani ham Xonobod shahriga tutash boʻlib, viloyatning chekka, chegaradosh hududlaridan boʻlsa-da, yoshlarining ilm-maʼrifatga chanqoqligi, aholisining mehnatkashligiyu mehmondoʻstligi bilan oʻz oʻrniga ega.
Ingliz tili oʻqituvchisi boʻlganim uchunmi, mamlakatimizning turistik salohiyatini oshirish, yurtimizga turistlarni keng jalb qilish borasidagi ishlarga chin dildan hayrixohman. Bu borada oʻzim ishlayotgan maktab, yashayotgan qishlogʻimda ham targʻibot ishlariga oz boʻlsa-da hissa qoʻshishni ham farzandlik, ham pedagoglik burchim hisoblayman. Shu maʼnoda ham karantin davrida oʻquvchilarimga onlayn darslardan tashqari ziyoratgohlarimiz, diqqatga sazovor joylarimiz bilan bogʻliq videoroliklar tayyorlab, ularda yurtga, vatanga boʻlgan muhabbatni yana-da oshirishga harakat qildim.
Men yashayotgan Norboʻta qishlogʻi baland adirliklarga tutashgan. Adirlikning eng choʻqqisida Yunus alayhissalom paygʻambarimizning ziyoratgohiga hatto chet elliklar ham tashrif buyurib turishadi. Bolalagimdan bu yerga keluvchilar bilan qiziqar edim. Baʼzan taniqli sanʼatkorlar ham kelib turishar edi. Ularning kelganlarini eshitish gʻurur baxsh etardi bizga.
Rivoyatlarga koʻra, Yunus alayhissalom shu adirlikda tarki dunyo qilgan ekanlar. Shu boisdan adirning eng choʻqqisiga ramziy qabr oʻrnatilib, maxsus uycha bilan oʻrab qoʻyilgan. Ziyoratchilar mana shu qabrni tavof qilib, Qurʼon tilovat qilishadi. Yaxshi maqsadlar, ezgu niyatlar uchun bu yerda qurbonliklar ham qilinadi.
Tumanimizdagi koʻplab maktab oʻquvchilari ham har yil taʼtil vaqtida bu yerni ziyorat qilgani kelishadi. Bu yil pandemiya tufayli bunday tashriflar boʻlmagani sababli turistik mavzularda oʻzbek va ingliz tillarida videorolik tayyorlab, bu muqaddas joy haqida oʻquvchi yoshlarga toʻliqroq maʼlumotlar tayyorladim. Andijonimizning soʻlim goʻsha ekani, goʻzal manzaralari haqidagi videoroliklarimda esa yosh avlodga gʻurur bagʻishlaydigan lavhalarni, ayniqsa, tarixiy shaxslar siymolarini joylashtirishga alohida eʼtibor berdim. Muhimi, karantin sharoitida oʻquvchilar ruhini koʻtarish, mamlakatimizning qudrati, salohiyati yuksak ekanini anglatish maqsadi birlamchi boʻldi. Va bu mehnatlarim samarasi oʻlaroq, oʻz nazarimda turizmga qoʻshayotgan zarracha hissam tuman va viloyatda eʼtirof etildi.
Aytmoqchimanki, vatanni yurakdan sevgan inson qaysi sohada boʻlmasin, oʻzi bilmagan holda boshqa sohalar rivojiga ham xizmat qila oladi. Buning uchun faqatgina yurtni sevish, uning boriga sevinib, yoʻgʻiga sabr qilish kerak. Bunday fazilatlarni yoshlikdan shakllantirishda esa biz pedagoglarning masʼuliyatimiz bugun har qachongidan-da yuksakdir. Zero, ilmu maʼrifat orqali qalbga koʻp ezguliklarni jo qilish mumkin.
Mavluda SOHIPOVA,
Andijon viloyati, Qoʻrgʻontepa tumanidagi
27-umumtaʼlim maktabining ingliz tili oʻqituvchisi