Turistik yigʻimni hisoblash va toʻlash toʻxtatildi

    Pandemiya davrida joylashtirish vositalarining yuklamasi keskin tushib ketishi va aksariyat hollarda ular faoliyatining toʻxtatilganligi sababli turistik (mehmonxona) yigʻimni hisoblash va toʻlash 2021-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatga toʻxtatildi.

    Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 137-sonli qaroriga koʻra, mazkur yigʻim joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) tomonidan byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.

    Turistik yigʻimdan tushgan mablagʻlar mamlakatimizning turizm salohiyatini keng targʻib qilish, turizm infratuzilma obyektlarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash, turizm sohasida kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, hududlardagi salohiyatli turizm obyekti va maskanlarini birlamchi choralarni koʻrgan holda sayyohlar tashrifi uchun tayyorlash maqsadlariga ishlatiladi.

    Turistik yigʻimni hisoblash va toʻlashning 2021-yil 1-yanvargacha toʻxtatilishi yuqoridagi farmon bilan joylashtirish vositalari uchun taqdim qilingan boshqa imtiyoz va yengilliklar qatorida pandemiya tufayli vujudga kelgan murakkab iqtisodiy vaziyatda xorijiy fuqarolar tomonidan mehmonxonalarga amalga oshiriladigan toʻlov miqdorini kamaytiradi va koʻrsatilgan muddatgacha pandemiyadan keyingi davrda faoliyatlarini qayta tiklab olishlarida yengillik tugʻdiradi.