Turkistonbank aktivlar hajmi boʻyicha respublika bank tizimida 26-oʻrinni egallagan.
Turkistonbank tomonidan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilganligi, xususan:
▪️bank aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi yetarlicha zaxiraning mavjud emasligi;
▪️regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar koʻrganligini;
▪️bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
▪️buxgalteriya hisobining hisobotga oid maʼlumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilganligi;
▪️bank faoliyatidagi qoʻpol qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi Markaziy bank koʻrsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmaganligi;
▪️jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qoʻllanilganidan keyin huddi shunday qoidabuzarlikni takroran sodir etilganligi sababli “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻisida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi ushbu qarorni qabul qildi.
Markaziy bank boshqaruvining yuqorida keltirilgan qaroriga asosan Turkistonbankni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlandi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan bank ishlarini boshqarish boʻyicha, shu jumladan, bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi, kuzatuv kengashi va boshqaruvi vakolatlari ushbu komissiyaga oʻtdi.
Omonatchi-jismoniy shaxslar uchun maʼlumot:
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan toʻliq kafolatlanganligi munosabati bilan Turkistonbank omonatchilarining barcha mablagʻlari, birinchi navbatda, 2 oydan soʻng toʻliq qaytariladi.
Aholiga omonat mablagʻlarini qaytarish Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan ushbu qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.