Mazkur sammitda qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va koʻp qirrali aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, energetika, turizm, transport, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan qator masalalar muhokama qilinadi.
Shu oʻrinda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport-logistika sohasida hamkorlik istiqbollari borasida alohida qayd etish joiz. Jahonda yuz berayotgan globallashuv jarayonlarida transport-logistika sohasini rivojlantirishning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Taʼkidlash kerakki, logistika samaradorligi iqtisodiy oʻsishida va mamlakatning raqobatbardoshligini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Shuning uchun har qanday davlatning siyosati logistikani iqtisodiyotning asosiy tarmogʻi sifatida rivojlantirishga qaratilgan.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport-logistika sohasini rivojlantirish aʼzo davlatlarga tovar va mahsulotlarni sotish uchun yangi bozorga chiqish, import va eksport osonlashtirish hamda mahsulotlar tannarxini kamaytirish, tovarlarni yetkazib berish tezligini oshirishga va boshqa xarajatlarni optimallashtirishga xizmat qiladi.
Tashkilot transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratadi. Bu yoʻnalish yaqinda qabul qilingan “Turk dunyosining nigohi – 2040” strategik hujjatida alohida oʻrin egallaydi. Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bagʻdod Amreyev fikricha ushbu sohada saʼy-harakatlar zamirida mamlakatlar transport aloqasini taʼminlash yotadi. Shu nuqtayi nazardan, Transkaspiy xalqaro oʻrta yoʻlagini Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi eng qisqa, xavfsiz va raqobatbardosh transport bogʻlamasiga aylantirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqin istiqbolda asosiy eʼtibor tashkilotga aʼzo davlatlarda transport va tranzit tartib-qoidalarini, jumladan, zamonaviy raqamli vositalardan foydalanish orqali yengillashtirishga qaratiladi. Soʻngii yillarda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda mamlakatlarimizda “eCMR” vositasini joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Mazkur sohadagi yana bir vazifalardan biri transport hamkorligining huquqiy asoslarini takomillashtirish. Xususan, tashkilot doirasida Kaspiy dengizi orqali transport operatsiyalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qoʻshma tashuvlar toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim loyihasidir.
Turkiy davlatlar tashkiloti, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarboyjon oʻrtasida xalqaro avtomobil tashuvlari toʻgʻrisida shartnoma tuzish boʻyicha muzokaralar jarayonlariga ham oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda logistika sohasini rivojlantirishga qaratilgan 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan avtomobil yoʻllari sohasida maxsus vakolatli davlat organi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi 305-sonli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi “Tovar-xom ashyo birjalarida fyuchers savdolarini joriy qilish hamda mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlarining elektron logistika savdo portalini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan OʻzRTXB bilan birgalikda mahsulotlarni yetkazib berish jarayonida toʻliq raqamlashgan shaffof navbat tizimini nazarda tutuvchi yuk tashuvchilar oʻrtasida raqobatni taʼminlaydigan elektron logistika savdo portali yaratildi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻtgan yili Istanbulda boʻlib oʻtgan sammitida tashkilot doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 35 dan ortiq tashabbuslar ilgari surilgan boʻlib, bugungi kunda kelib 20 dan ortigʻi amalga oshirildi. Xususan, transport va bojxona soxasida raqamlashtirildi, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida “e-Permit” pilot loyihasining sinovdan oʻtkazildi hamda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasida “Raqamli TIR” va “Yashil yoʻlak” pilot loyihasi ishga tushirildi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning “Universal Logistics Services” (Toshkent), “Akhtachi” (Andijon) va “Termez Cargo Center” (Surxondaryo) logistika markazlari tashkilot aʼzolarining “qardosh portlari” jarayoniga qoʻshildi.
Turkiy davlatlar tashkiloti davlatlarining transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish turkiy davlatlarning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi. Tarmoqlangan va yaxlit transport tizimi tufayli Turkiy davlatlar tashkiloti Yevroosiyo qitʼasidagi asosiy transport va logistika koridoriga aylanishi mumkin. Bunday sharoitda aʼzo mamlakatlarning transmintaqaviy transport koridorlarini rivojlantirishi alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni Afgʻoniston orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bilan eng qisqa yoʻl orqali bogʻlaydigan va ushbu mintaqalar davlatlariga MDH va Yevropaga chiqish imkoniyatini beruvchi transmintaqaviy loyihalarini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Xususan, davlatimiz rahbari yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish, “Boku-Tbilisi-Kars” yangi temir yoʻlining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini oʻtgan sammitda taʼkidlagan edi.
Umumiy xulosa qiladigan boʻlsak, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport-logistika sohasini rivojlantirish orqali iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda aʼzo davlatlarning barchasi manfaatdor hisoblanadi. Xususan, mazkur sohani tashkilot doirasida rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyotning istiqboldagi “drayver” yoʻnalishiga aylantirish mumkin.
Bobirjon IZZATULLAYEV,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bosh mutaxassisi