Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 24 Mart 2022 2167

    Joriy yil 22-martda Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi raisining oʻrinbosari Binali Yildirim bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.

    Ikki Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va ishonchli munosabatlari tufayli investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligi faollashgani qayd etildi.

    Xususan, oʻtgan 5 yil davomida oʻzaro savdo hajmi 2 barobar oshib, 3,5 milliard dollarga yetgani taʼkidlandi. Yaqin kelajakda Oʻzbekiston-Turkiya savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini tasdiqlash borasida faol hamkorlik qilib kelmoqda va hujjatni qisqa vaqt ichida imzolashni rejalashtirmoqda.

    Investitsiyaviy sheriklik sohasida ham katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Xususan, soʻnggi uch yil ichida Turkiyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi ikki baravar koʻpaydi va 2021-yil oxiriga kelib 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Turk kompaniyalari bilan bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Shu bilan birga, yangi investitsiyaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun “Anadolu Group”, “Ekzachibashi”, “Medicana”, “Ajibadem” kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilyapti.

    Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasida transport va logistika aloqalarini mustahkamlash chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi. Yangi, oʻzaro manfaatli logistika yoʻnalishlarini kashf etish, tranzit jarayonlarini soddalashtirish va Tashkilotga aʼzo mamlakatlar hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish borasida hamkorlikda ishlash zarurligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, 2026-yilgacha boʻlgan davrda turkiy davlatlarning transport va infratuzilmaviy rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni jadallashtirish va 2022-2023-yillarda ushbu sohani rivojlantirish boʻyicha alohida “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Uchrashuvda ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning yana bir qator masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida faoliyat yuritadigan Turkiy investitsiya jamgʻarmasi va Taraqqiyot bankini ishga tushirishni jadallashtirish, savdo-sotiqni rivojlantirishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasalari negizida turkiy davlatlar oʻrtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan muhandislik-texnologiya markazlarini yaratish boʻyicha hamkorlik qilish, shuningdek, Oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida munosabatlarni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, turkiy mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilarini sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish hamda qoʻshma korxonalar, sanoat koʻrgazmalari, xalqaro va hududlararo biznes forumlarni tashkil etishga jalb qilish maqsadida joriy etilgan “sanoat haftaligi” kabi qator qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakunida muhokama qilingan loyihalar va tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha kelgusida amaliy hamkorlikning yoʻllari belgilandi, shuningdek, boshqaruv va ekspert darajasida yaqin aloqalarni saqlab qolish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.