Turkiya – Oʻzbekiston: qardoshlik rishtalariga asoslangan abadiy doʻstlik va hamkorlik

    Xalqaro hamkorlik 29 Mart 2022 1372

    Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida biz “qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik” deb taʼriflagan aloqalarimiz oʻzaro ishonch muhitida har sohada tobora chuqur ildiz otib rivojlanmoqda. Ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligini 2022-yil 4-mart kuni nishonladik.

    Uzoq davom etgan sogʻinch va ayriliqdan keyin oʻz davlatiga va bayrogʻiga ega boʻlgan Oʻzbekiston mustaqilligini tan olgan ilk davlat boʻlganimizdan faxrlanamiz. Toshkent shahrida birinchi elchixona Turkiya tomonidan ochilganida Sovet Ittifoqi davrida Tashqi ishlar vazirligi joylashgan binoning Turkiya elchixonasiga berilganligini Oʻzbekistonning ham Turkiyaga alohida mehrining bir nishonasi deb bilamiz.

    Tarixiy Ipak yoʻlining bardavom boʻlishiga gʻamxoʻrlik qilib, xalqaro savdo va madaniy hamkorlikning rav- naq topishiga ulkan hissa qoʻshgan Ota yurtimiz Oʻzbekiston davlati koʻhna Turkiston zaminida barpo boʻlib, jahon tamaddunining shakllanishini belgilab bergan boy siyosiy, iqtisodiy va madaniy tajribaga egadir.

    Nafaqat turk-islom sivilizatsiyasi, balki butun insoniyatning mushtarak madaniy xazinasiga ham beqiyos darajada hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkir va allomalar qoldirgan asarlar bizni bir-birimizga yaqinlashtiradigan umumiy merosiy boyligimizdir.

    Oʻzbekiston chuqur tarixiy oʻtmishi va davlatchilik anʼanalari, Markaziy Osiyo aholisining qariyb yarmini tashkil etuvchi 34 milliondan ortiq yosh va dinamik aholisi, Osiyo qitʼasining yuragida joylashganligi, boy tabiiy resurslari va barakotli zamini bilan oʻz mintaqasida va undan tashqarida yetakchi boʻlishga qodir davlatdir.

    Oʻzbekistonda “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” konsepsiyalarida oʻz ifodasini topgan, aziz birodarim Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona yoʻlboshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosati nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda hayrat bilan kuzatib borilmoqda.

    Biz Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi insoniy fojialar asoratlarini kamaytirishda oʻz zimmasiga olgan yetakchilik rolini yuqori baholaymiz. Biz Termiz shahrining Afgʻonistonga insonparvarlik yordamlarini yetkazishda barcha xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT uchun logistika markaziga aylanganini qoʻllab-quvvatlaymiz. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda va undan tashqarida yaratmoqchi boʻlgan farovonlik va barqarorlik kamari doirasida ilgari surgan oʻzaro bogʻliqlik konsepsiyasiga biz ham katta baho berganimizni alohida taʼkidlashni istayman.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining 2017-yilda Turkiyaga qilgan tashriflari bilan strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan munosabatlarimiz 2020-yilda oʻtkazilgan Oliy darajadagi Strategik Hamkorlik Kengashi yigʻilishi bilan yana bir pogʻonaga koʻtarildi.

    Oʻzbekistonga 2022-yil 29-30-mart kunlari amalga oshiradigan davlat tashrifimiz doirasida Oliy darajadagi Strategik Hamkorlik Kengashining ikkinchi yigʻilishini oʻtkazib, ikki qardosh davlat oʻrtasidagi aloqalarning yanada yuqori bosqichga koʻtarilishiga muhim hissa qoʻshishimizga ishonaman.

    Muzokaralarimiz doirasida ikki tomonlama hamkorligimizni energetikadan qishloq xoʻjaligigacha, sanoatdan madaniyatgacha, yoshlar masalalaridan atrof-muhit masalalarigacha boʻlgan koʻplab sohada siyosiy, iqtisodiy, harbiy va ijtimoiy jihatlarini muhokama qilamiz, imzolaydigan ikki tomonlama shartnomalar bilan esa aloqalarimizning huquqiy zaminini yanada mustahkamlab olamiz.

    Fuqarolarimizni hozirgi qayta yuksalish davrida Oʻzbekistonni kelib koʻrishga, bu davlatga sarmoya kiritishga va bu davlat bilan munosabatlarimizning har sohada rivojlantirilishiga oʻz hissalarini qoʻshishga chaqirmoqdamiz. Tadbirkorlarimiz tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bizni faxrlantirishi bilan birga oʻzaro savdo aylanmasini harakatlantiruvchi kuch hamdir.

    Darhaqiqat, 2017-yildan buyon siyosiy sohada jadallik bilan tashlangan qadamlar qisqa vaqt ichida savdo va sarmoya sohasida ham oʻz ifodasini topdi. Biz oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarlik marraga yetkazish sari qatʼiy odimlarimizni tashlamoqdamiz. Butun jahonni oʻz domiga olgan pandemiyaning salbiy oqibatlari eng kuchli sezilgan 2020-yilni musbat koʻrsatkichlar bilan yakunlagan ikki davlatning savdo hajmi 2021-yilda 3,6 milliard dollardan oshib ketdi.

    Qolaversa, import va eksport koʻrsatkichlarining bir-biriga juda yaqin boʻlishi ham savdo aloqalarimizning bir-birini toʻldiruvchi va qoʻllab-quvvatlovchi mohiyatda ekanligini koʻrsatadi. 2022-yilda ham ikki tomonlama savdo aylanmasida rekord natijalarga erishishimizga toʻliq ishonaman.

    Turkiya “Osiyo asri”da bu qadimiy qitʼa bilan aloqalarini “Yana Osiyo” shiori ostida keng qamrovda olib borayotgan hozirgi davrda biz qardosh Oʻzbekiston bilan munosabatlarni har sohada chuqurlashtirish siyosatini koʻproq oʻrtamizdagi azaliy rishtalar va umumiy tarix yelkalarimizga yuklagan masʼuliyat, deb bilamiz.

    Qardosh Oʻzbekiston bilan kelajagimizni birgalikda qurish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimiz butun insoniyatga farovonlik keltirishiga ishonamiz. Oʻzaro hurmat va ishonch asosida chuqurlashib borayotgan ham- korligimiz bundan keyin ham shunday jadal surʼatlar bilan rivojlanib borishini tilagan holda, xalqim nomidan oʻzbek birodarlarimizga eng samimiy salom va ehtiromlarimni izhor etaman.

    Rejep Tayyip Erdogʻan,

    Turkiya Respublikasi Prezidenti