Maqola muallifi Meʼmor Sinon nomidagi Go‘zal sanʼatlar universiteti professori Sulaymon Qiziltuproq boy tarix va madaniy merosga ega Xiva shahri to‘g‘risida chuqur tahliliy fikrlarni bayon qilgan. Shuningdek, Ko‘hna Ark, yaʼni Eski Saroy, ajoyib meʼmorchilikka ega shaharga salobat qo‘shib turgan Muhtasham Juma masjidi, Movarounnahrdagi Xiva va Buxoro o‘rtasida azaldan bo‘lib kelgan ilm-fan va madaniyatlar bellashuvi, Buyuk ipak yo‘li rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelgan, Xorazm mintaqasining markazi bo‘lgan ko‘hna makonning Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qiladigan karvonlar uchun muhim nuqtalardan biri bo‘lgan Xiva savdo yo‘llari to‘xtalib o‘tgani alohida eʼtiborga loyiq.

Maʼlum bo‘lishicha, uzoq mamlakatlardan Xivaga kelgan karvonlar nafaqat savdo, balki madaniy va sivilizatsiya qadriyatlarini ham olib kirgan. Bundan tashqari, sayyohlar Xivadagi buyuk matematik va olimlarning asarlaridan nusxalar olib, boshqa mamlakatlar olimlariga yetkazgan. Maqolada mazkur durdona asarlar muallifi hisoblangan Xivaning dunyoga ziyo taratgan olimlari, Markaziy Osiyoning Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Abu Rayhon Muhammad al-Beruniy kabi ilm-maʼrifat namoyondalarini quyoshga qiyoslagan holda eʼtirof etilgan.

Shu bilan birga, ushbu manbalar mintaqa aholisining hayoti va madaniyati, xonlikning iqtisodiy va siyosiy ahvoli haqida qimmatli maʼlumotlar taqdim etadi. Maqolada Xorazmda yetishib chiqqan ko‘plab olimlar, tarixchilar, shoirlar, rassomlar va musiqachilar to‘g‘risida ham maʼlumotlar keltirilgan XVI – XX asrlarda Xorazmdagi tarixiy artefaktlar 2500-3000 yillik sivilizatsiya izlari mavjudligi, masjid va madrasalardagi motiv va bezaklar ham miloddan avvalgi sivilizatsiyalarga mansub ekanligiga ishora beradi, shuningdek, ilm-fan, sanʼat va sivilizatsiya nuqtai nazaridan ming yillar davomida umuminsoniy qadriyatlarga ochiq yondashganligini yaqqol ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, qadimda boy sivilizatsiya qadriyatlariga ega bo‘lgan va bugun madaniyat va sanʼat markazi bo‘lgan Xiva 2020-yilda “Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” deb tan olindi hamda shu kunlarda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusidagi xalqaro forumga mezbonlik qiladi.