San'atkor tomoshabinning qarsagiyu, olqishidan kuch olib yashaydi. San'at asarini qabul qilayotgan qalblar tug'yonga kelsa, qo'llar o'z-o'zidan qarsakka chog'lanaverar ekan.
O'zbek milliy katta akademik drama teatri sahnasi bunga yana bir karra guvoh bo'ldi, desak xato bo'lmaydi. Nikolay Vasil`evich Gogolning “Tentakning yozmalari” tragik komediyasi namoyishidan so'ng tomoshabinlarning gulduros qarsaklari, olqishlari davomli bo'ldi.
Spektaklda bosh qahramon — Popreshchin taqdiri paradoks tarzda namoyon bo'lib, insonlarni minglab tuyg'ular boshqarishi, aql bilan ish tutilmasa, o'sha tuyg'ular kishini esdan og'dirish darajasida asir etishi majoziy timsollar bilan aks ettirildi. Tomoshabin bir vaqtning o'zida muhabbat va nafrat, kambag'allik va boylik, qo'rquv va jasorat, martaba va xo'rlik, orzu va armon, baxt va baxtsizlikka qarshi kurashga guvoh bo'ladi.
Poprishchin siymosida men orzu qilgan rolimni topdim, — deydi yosh aktyor G'ayrat Xusainov. — 2019-yilda Istambulda II Xalqaro teatrlar festivalida “Bobomning orzusi” spektaklida bosh rolni ijro etgandim. O'shanda Kubilay erdelikara bilan tanishganmiz. Bugungi muvaffaqiyatimni mana shu tanishuvning samarasi, deyish mumkin. Yana shuni ham aytishim kerakki, obrazimning harakteri kuchli hayajonimni berkitdi. Zero, Turkiyada bunchalik hayajonlanmagandim. Avvalo otaxon teatr sahnasining salobati, qolaversa, o'zbek teatrining darg'alari qarshisida biroz o'zimni yo'qotdim. Huzurida har qanday shogird ojiz qoladigan mana shunday ustozlarimga hamisha ta'zimdaman.
Asarning o'zi kabi bosh qahramonning ham noodatiy hatti-harakatlari, xususan, bir muddat tomoshabinlar qatorida o'tirib, yana rol` ijro etgancha sahnaga chiqib kelishi albatta tomoshabinni ham o'ylantirib, ham shoshirib qo'ydi. Taniqli kompozitorlarning eng buyuk asarlariga sahnalashtirilgan raqslar esa spektaklning betakrorligini ta'minladi.
Teatr sohasida o'zbek aktyorlari bilan hamkorlik qilib kelayotgan turk rejissori Kubilay erdelikara mazkur asarni Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri aktyorlari bilan 20 kunda sahnalashtirdi. Shunga qaramay spektakl Turkiyaning Maltepa shahrida o'tkazilgan III Xalqaro teatrlar festivalida Gran-priga munosib topildi. Asarning ushbu mukofotga chindan-da munosib ekanini o'zbek tomoshabinlari ham e'tirof etishdi.
Eng muhimi, spektakl` yana 10 ga yaqin davlatlarda namoyish etilishi taklif qilindi.
Munojat Mo‘minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri