Qadimgi shahar tarixi miloddan avvalgi 600-yilga borib taqaladi. U Turkiya shimoli-gʻarbidagi Tekirdogʻ viloyatining Marmara-Ereglisi hududida, Marmara dengizi sohilida joylashgan. Qazuv ishlariga professor Zeynep Kochel rahbarlik qilmoqda. Uning hisob-kitoblariga koʻra, 12 oy ichida Arxeologiya instituti talabalari va oʻqituvchilari qadimiy shahar tarixini oʻrganishlari mumkin boʻladi.
“Perintos Rimning Frakiya viloyati poytaxti edi. Bu oʻsha davr imperatorlarining sevimli shahri boʻlgan. Qadimgi shahardagi Akropol buzilmay qolgan. Biz uning hududida allaqachon ish boshlaganmiz. Jamoat tuzilmalari boʻlgan katta hudud bor. Ilgari teatr boʻlgan joy yaxshi oʻrganilgan. Juda qiziq tuzilma. Biz uni tadqiq etamiz”, — dedi professor.
“Maqsadimiz — kelajak avlodga tarixni beshikast yetkazish. Umid qilamizki, Perintosda boshlangan qazishma ishlari ushbu orzularimizni roʻyobga chiqishiga zamin yaratadi”, — deb yozilgan Tekirdogʻ Madaniyat va turizm vazirligi izohida.
Mutaxassislarning fikricha, Perintosga Samos orolidan kelgan mustamlakachilar asos solgan.
Taʼkidlanishicha, qazishma ishlari tugagandan soʻng, sayyohlar uchun yoʻllar boʻylab axborot belgilarini oʻrnatish rejalashtirilgan.
“Bu Tekirdogʻdagi tarixiy va madaniy turizmning eng muhim diqqatga sazovor joyidir. Qadimiy Perintos hademay bu yerda qayta tiklanadi. Bu ochiq osmon ostidagi muzey va bu yerda koʻplab sivilizatsiya izlarini koʻrish mumkin. Mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun Tekirdogʻ yoʻllari boʻylab sayohat Perintosdan boshlanadi va shundan keyingina boshqa tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylarga boriladi”, — dedi mintaqaning madaniyat va turizm boʻyicha direktori Ahmet Hojioʻgʻli