Uchrashuv avvalida mehmon Oʻzbekistondagi charm-poyabzal sanoatining ishlab chiqarish salohiyati bilan atroflicha tanishtirildi. Uyushma rahbariyati investorga mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Muzokaralar chogʻida janob Emin Deniz Oʻzbekistonda ayollar poyabzalini ishlab chiqarish niyatida ekanligini maʼlum qildi. Turkiyalik investor Oʻzbekiston hukumati tomonidan tadbirkorlar va xorijiy sarmoyadorlarning toʻliq qoʻllab-quvvatlanishi sabab, bugungi kunda koʻplab turk kompaniyalari Oʻzbekistonga sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotganini alohida qayd etdi.

Yigʻilishda Samarqand viloyatida barpo etiladigan yangi korxonani tashkil etish boʻyicha zarur jihatlar atroflicha muhokama etildi. Poyabzal uchun tayyor charm va tagliklar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish taklifi maʼqullandi. Hamkorlikning keyingi istiqbollarini belgilash maqsadida muzokaralarning navbatdagi raundini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Yangi korxona mahsulotlari Rossiya va Yevropa mamlakatlari bozorlariga eksport qilinadi. Mahsulotlar tabiiy charmdan tayyorlanadi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning keyingi istiqbollari atroflicha tahlil etildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.