Shu kunlarda yurtimiz bo'ylab pillakorlarimiz tomonidan “kumush tola”ni yig'ib olib, hirmonni to'ldirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Joriy yilda respublikada birinchilardan bo'lib buxorolik mehnatkash pillakorlar belgilangan rejani bajarib, 41 ming 853 ta oilaviy zveno va kasanachilar tomonidan 42 ming 36 quti ipak qurtidan 2 ming 350 tonna pilla xirmoni yaratildi. Ipak qurti boqish mavsumi erta boshlangan Farg'ona, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida ham hirmonlar to'ldi.
Bu yilgi pilla yetishtirish mavsumi avvalgilaridan ancha farqli o'tmoqda. Sohada innovatsion yangilik, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi hisobiga bir yilda to'rt martagacha ipak qurtini parvarishlash va pilla yetishtirish tizimi yo'lga qo'yildi. Bu esa ozuqa bazasiga bo'lgan talabni yanada oshirmoqda. Shu bois, “O'zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan yurtimiz ob-havosiga mos tut daraxtlarining yangi hosildor navlarini yaratish va ko'paytirish borasida tizimli ishlar olib borilyapti. Xususan, joriy yilda Andijon viloyati Marhamat tumanida respublikadagi birinchi tutchilik klasteri faoliyati yo'lga qo'yildi.
Umumiy maydoni 30 gektardan iborat klasterda tut onalik maydoni, ko'chatzor, tajriba maydoni hamda almashlab ekish maydonlari mavjud. Bu yerda urug'chilik faoliyati uchun onalik tutzori, tut ko'chatlari etishtirish va ularning hosildorligini oshirish maqsadida payvand usulida yangi navlar yaratish ishlari olib borilmoqda. Korxonada 12 nafar doimiy, 154 nafar mavsumiy ish o'rinlari yaratilgan.
Ipak qurtining asosiy ozuqa manbai tut daraxti barglari bo'lgani holda, pillachilik tarmog'ida mavjud ozuqa bazasini saqlab qolish va uni yanada rivojlantirish pilla yetishtirish hajmini ko'paytirishning asosiy omili sanaladi. Sohada uzoq yillardan buyon mehnat qilayotgan insonlar ipak qurti boqish uchun ozmuncha ozuqa zarur bo'lmasligini yaxshi biladi. Hududlarda katta maydonlarni egallayotgan tutzorlar sonining avvalgi yillarga nisbatan ortib borayotgani boisi ham shundan.
Klasterda viloyatlarda talab yuqori bo'lgan kasalliklarga hamda issiq-sovuqqa chidamli serhosil tut navlari yetishtiriladi. U yiliga 3 million dona tut ko'chati, 400 kilogramm tut urug'i hamda 1,5 million dona “Marhamat 2017” navi kurtaklarini tayyorlash quvvatiga ega.
Tut ko'chatlari asosan ikki usul — urug'idan va payvand usulida etishtiriladi. Mutaxassislarning aytishicha, ko'chatlar urug'idan ko'paytirilganida 2 yilda tayyor bo'lsa, payvand usulida tayyor ko'chatni olish uchun 3 yil vaqt kerak bo'ladi. Yangi tut navlarini yaratishda esa seleksiya usulida changlatish va tanlab olish usulidan foydalaniladi. Bu boradagi izlanishlarda O'zbekiston ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda ish olib boriladi.
Tutchilik klasteri rahbari Abdufattoh Musulmonqulov shu sohada uzoq yillik tajribaga ega agronomlardan. Qahramonimiz ilk ish faoliyatini respublikani sifatli tut ko'chatlari bilan ta'minlash va xorijga eksport qilish maqsadida boshlagan.
— Mazkur klaster 1999-yilda “Ipak” fermer xo'jaligi sifatida tashkil etilgan, — dedi xo'jalik asoschisi Abdufattoh aka. — O'tgan yillar davomida bu yerda tut seleksiyasi, urug'chiligi, tut niholi va ko'chatchiligi yo'lga qo'yildi. Keyinchalik uning faoliyati kengayib, zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilishi hisobiga joriy yilda klaster maqomi berildi. Endilikda, biz nafaqat tut ko'chatlari etishtirish, balki tayyor xomashyo olishga ham ixtisoslashyapmiz. Hozirda klasterda bir qancha innovatsion texnologiyalar, xususan, tut urug'larini kaseta usulida ekish, navli tut mevasi urug'ini zamonaviy dastgoh orqali ajratib olish kabilardan foydalanilmoqda.
Klasterda ayni paytda yangi, zamonaviy loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Unga ko'ra, 0,5 gektar maydonda bunyod etilayotgan issiqxonada 2 million dona tut ko'chati yetishtiriladi. Korxonada umumiy qiymati 2 milliard so'mga teng laboratoriya ham tashkil etilmoqda. Bu yerda “InVitro” usulida yiliga 5,5 million dona hosildor navli tut ko'chatlari etishtirish yo'lga qo'yiladi. Tahlillarga ko'ra, oddiy usulda bir yilda bir marta tut ko'chati yetishtirilib, 1 gektardan 12,5 tonna hosil olinsa, “InVitro” usulida yiliga 4-5 marta ko'chat tayyorlab, hosildorlikni 25 tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud. Klaster laboratoriyasida yetishtiriladigan ko'chatlarni Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon singari yaqin qo'shni davlatlarga eksport qilish ham rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, klasterda tut daraxti mevasi, bargi, ildizi, po'stlog'i va zamburug'idan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish ko'zda tutilgan. Bu mahsulotlar farmatsevtikada qo'llanilib, ko'plab kasalliklarga shifo bo'lishi o'rganilgan.
Mamlakatimizdagi birinchi tutchilik klasteri tarmoqda ijobiy tajriba bo'lishi kutilmoqda. Xomashyo yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayonning bir nuqtada jamlanishi tarmoq imkoniyatlarini kengaytirish barobarida, oilalarni doimiy daromad manbai bilan ta'minlashga xizmat qiladi. Klaster to'liq quvvatda ishlay boshlagach, tumandagi 500 nafarga yaqin aholi vakillari doimiy va mavsumiy ish o'rinlari bilan ta'minlandi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri








