Uch oyda yurtimizning uch viloyatida 3 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi

    Energetika 14 Mart 2022 1606

    Joriy yilning oʻtgan uch oyi davomida mamlakatimizning 3 ta viloyatida umumiy quvvati 684 MVt boʻlgan 3 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi, deya xabar beradi Energetika vazirligi Matbuot xizmati.

    Xususan,

    Birinchisi, joriy yil 11-yanvar kuni Buxoro viloyatining Buxoro tumanida quvvati 270 MVt boʻlgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;

    Ikkinchisi, 14-yanvar kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 MVt boʻlgan bugʻ-gaz qurilmasi;

    Uchinchisi, 10-mart kuni Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida quvvati 174 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.

    Ushbu 3 ta elektr stansiya yiliga 5 milliard 600 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 725 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

    Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qoʻshimcha 2 milliard 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

    Maʼlumot uchun: Mart oyi yakuniga qadar Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 230 MVt boʻlgan navbatdagi, yaʼni 4-chi yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.