Asarning mustaqillik davriga xos — badia janrida yozilgani uning o'ziga xosligini ta'minlagan. Qolaversa, asarda muallif zamondoshlari — o'zi yaxshi bilgan, birga ishlagan, hamkorlik qilgan ijodkorlarning ijodi, hayoti va o'y-tashvishlari haqida hikoya qiladi. Kitobdan joy olgan “Qadri baland qadriyat”, “Mening Halima opam”, “Lolazor” badialarida Pirimqul Qodirov, Halima Xudoyberdieva kabi qahramonlariga dahldor voqeliklarni o'rtaga tashlab, xulosani o'quvchining hukmiga tashlaydi. Lekin bu xolislik tamoman begonalik darajasiga burilib ketmaydi. Chunki taloto'plarga to'la dolg'ali zamonamizda Abduholiq Abdurazzoq doimo o'zining qahramonlari tarafidab o'lgan, ruhan ular bilan birga yashagan va kurashgan.
Kitob mustaqilligimizga erishish uchun aslida qancha-qancha qonlar to'kilgani , millatparvar yurtdoshlarimizning ne-ne azob-uqubatlarga duchor bo'lgani, mustaqillikni himoya qilish bundan keyin ham oson kechmasligini zamondoshlarimizga etkazish maqsadida yozilgan. O'ylaymizki, u o'z o'quvchilari hurmatini qozona oladi.
Munojat Mo'minova.