Oʻzbekiston davlat sifatida bashariyatga oʻz taraqqiyotida yangi palla — milliy yuksalish davri boshlanganini eʼlon qildi. Biroq uning nima ekani, zamirida nimalar mujassamligi va nihoyat, istiqboli qanday boʻlishi haqida hammamizda ham toʻliq tasavvur shakllangan emas. Zero, jamiyat koʻp jihatdan ilgari bosib oʻtilmagan davrga oʻtmoqdaki, bu haqqoniy reallik va tarixda turli xalqlar hayotida kuzatilgan. Bunday global transformatsiyaning oʻq tomiri, shubhasiz, Uchinchi Renessans. Natijada milliy yuksalish, yangi Oʻzbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyish bir vaqtda ulkan tarixiy jarayon sifatida oʻzaro uygʻunlik kasb etmoqda.
Oʻz-oʻzidan, nega bugun yangi Oʻzbekiston istiqbolini Uygʻonish davri bilan mushtarak koʻryapmiz, unga erishish uchun zamonaviy innovatsion texnologiyalarni intensiv joriy qilishning oʻzi kifoya qilmaydimi, qator davlatlar shu yoʻlni tanladi-ku, kabi savollarga duch kelamiz. Holbuki, barcha oʻzbekistonlikni harakatga keltiradigan oʻziga xos intellektual omil nimaligiga aniqlik kiritish uchun eʼtiborni Renessans konseptiga qaratsak, toʻgʻri yoʻl tutgan boʻlamiz. Zero, yangi Oʻzbekiston qanday boʻlishi, uning hozirgi global tarixiy taraqqiyotga qay darajada hissa qoʻsha olishi ustuvor darajada aynan shu fenomen bilan bogʻliq.
Renessans muayyan hudud yoinki mintaqada kutilmaganda paydo boʻlgan mayoq singari hammaning eʼtiborini oʻziga qaratadi. U yoki bu vaqtda inkubatsion davr nihoyalanib, amaliyotga aylanadi. Oʻtmishga nazar solsak, Yevropa tarixining turgʻun pallasida, yaʼni XIV asrda Italiyada yuz bergan maʼnaviy yuksalish — Renessans ilgʻor fikrli jamoatchilikda haqli ravishda qiziqish uygʻotganiga amin boʻlamiz. Oʻz davrining ilgʻor vakillari ushbu Uygʻonish davrining baʼzi oʻxshash jihatlariga qarab, uni qadimgi Yunonistonda ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohasida yuz bergan keng qamrovli maʼnaviy yuksalishga qiyosan “qadimiyatning uygʻonishi”, deb tavsifladi. Yana bir mutafakkir “XIV asrning moziyga qaytishi”, deb baholadi. Shunday qilib, Italiyada kuzatilgan Uygʻonish fenomeni fransuzcha “Renessans” atamasi bilan ilmiy jamoatchilik koʻnglidan joy oldi.
Biroq keyingi oʻzgarishlar, ilmiy tafakkurda roʻy bergan inqilobiy siljishlar Renessansni bunday talqin etish maʼno-mazmuniga koʻra, tor doiradagi fikrlash ekanini, yaʼni qayta idrok etish lozimligini taqozo etdi. Kezi kelganda bir jihatga aniqlik kiritish lozim: bugun yurtimizda tub asoslari yaratilayotgan Uchinchi Renessans shunchaki “moziyning uygʻonishi” yoki “moziy sari yuzlanish” emas. Nega degan savolga javobni Renessansni Renessans qiladigan, tom maʼnoda uni harakatga keltiruvchi omildan izlash toʻgʻri boʻladi. Bu omil — insonparvarlik. Gʻoya, amaliyot, maqsad sifatida gumanizm barcha resursni inson kamoloti, erkinligi, farovonligiga yoʻnaltirish, uning cheksiz intellektual hamda maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish va nihoyat, odamlar qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirishda oʻz ifodasini topadi. Eʼtibor beraylik: keyingi besh-olti yilda insonparvarlik davlatimiz siyosatining bosh yoʻnalishiga aylandi.
Toʻgʻri, Renessans faoliyatimizning boshqa muhim sohalaridagi yutuqlar bilan ham bogʻliq. Biroq bu ham yuqorida keltirilgan global jarayon — umummilliy safarbarlik bilan tirik va bardavomdir. Mustahkam asosi bugun yaratilayotgan Uchinchi Renessans asli shundan boshlanadi. Tarixiy taraqqiyotning turli pallasida madaniy uygʻonishni boshdan kechirgan barcha jamiyatlarda aynan shunday vaziyat kuzatilgan. Masalan, X-XIII asrlardagi Markaziy Osiyo, XIV asrdagi Italiya, XVIII asrdagi Bengaliya va XIX asrdagi Yaponiya Renessansi fikrimizni tasdiqlaydi. Renessans fenomeni ulardan avval ham sodir boʻlgan, balki keyin ham yuz bergandir. Ammo yuqorida sanab oʻtilganlarda odatda koʻpchilik tafakkuridan tashqarida yuz beradigan, Renessans fenomenining tub maʼnosi, mohiyati va nihoyat, jahon tarixiy jarayoniga bunyodkor taʼsir kuchi yaqqol koʻzga tashlangan.
Renessans keng maʼnoda, birinchi navbatda, millat yoki davlatning kutilmaganda boshqalarga nisbatan tez intellektual va maʼnaviy yuksalish choʻqqisiga chiqishi, barcha jabhada yaratuvchanlik qobiliyati namoyon boʻlishidan iborat. Bu oʻrinda gap millatning tabiat inʼom etgan resurslar hisobiga emas, balki oʻzi kashf etgan, oʻzi bunyod etgan zamonaviy infratuzilma evaziga oʻz davridan oʻzib ketishi haqida bormoqda. Shu yoʻsinda davlat rivoji ham dunyo taraqqiyotiga tamomila yangilik bilan kirib boradi.
Xoʻsh, Uchinchi Renessansni bunyod etishda Oʻzbekiston fuqarolarining zimmasidagi masʼuliyat nimalardan iborat va madaniy uygʻonish qanday resurslar hisobiga roʻyobga chiqadi, degan savol tugʻiladi. Jahon tajribasida bunga ham javob bor.
Bizningcha, unga doir uchta umumsayyoraviy sabab bugungacha maʼlum. Ulardan biri — shu yurtda, yaʼni Oʻzbekistonimizda uzoq va yaqin oʻtmishda yashagan ota-bobolarimizning yigʻma intellektual hamda maʼnaviy quvvati darajasi. Ilm-fanning barcha jabhasida ajdodlarimiz asrlar osha Uchinchi Renessans uchun yetarli benazir intellektual infratuzilmani bugungi avlodga qoldirib ketdi va bu meros bashariyat tomonidan allaqachon tan olingan, eʼtirof etilgan. Demak, bu ulkan tarixiy-madaniy siljish obyektiv qonuniyat ekanini Uchinchi Oʻzbek Renessansi toʻla tasdiqlashiga ishonchimiz komil.
Ikkinchi sabab shuki, oʻzining bunyodkorlik salohiyatini kashf etgan, roʻyobga chiqargan har bir xalq, millatga ertami- kechmi passionarlik (mavjlanish, yana bir bor oʻzini jumlai jahonga namoyish qilish, dunyo tarixida iz qoldirish) fenomeni xos. Bu holat muayyan payt va muhitda yuzaga chiqishi mumkin, uni allaqanday ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar, turli “izm”larga bogʻlash joiz emas. Passionarlik holati tamomila botiniy reallik sifatida ehtiyoj paydo boʻlishi zahoti yuzaga chiqadi. Bunday gʻaroyib tarixiy imkoniyatni voqelikka aylantira olish, shubhasiz, eng avvalo, davlat rahbarining oʻz millati, xalqi qalbida mavjlanayotgan bunyodkorlik tuygʻusini ilgʻay olish salohiyati, dun yoda yuz berayotgan jarayonlarni milliy manfaatlar nuqtayi nazaridan sarhisob qila olish qudrati va turlicha fikrlovchi fuqarolarni oʻzining hamkori va fikrdoshi deb ishonishiga chambarchas bogʻliq. Ayni paytda buni xalqimiz chuqur anglagani shubhasiz. Yangi
Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansni kafolatlovchi uchinchi muhim omil xalq tarixining bardavomligi, dunyo sahnasiga chiqishidan bugungacha bashariyat kechmishiga daxldorligi bilan bogʻliq. Darhaqiqat, milliy davlatchiligimiz uch ming yillik tarixga ega. Tanamizda qoni oqayotgan ajdodlarimiz birinchilardan boʻlib oʻz davlatiga ega boʻlgan kamdan-kam xalqlardan biri. Oʻsha kezlardan eʼtiboran ular dunyo tarixining faol ishtirokchisiga aylandi. Ular bir paytlar qanday nom bilan atalgani, qaysi tilda soʻzlashgani va qay dinga mansub boʻlganidan qatʼi nazar, bugungi avlod uchun tarixiy yurtdosh boʻlib qolaveradi. Renessans fenomeni nuqtayi nazaridan bir goʻshada yashab, oʻzligini, davlatchilik qiyofasini minglab yillar mobaynida asrab, bugungacha yetib kelgan xalqlarda madaniy yuksalish quvvati barqaror va bardavom boʻladi.
Ajdodlarimiz yuksak choʻqqilarni zabt etib, zafar quchgan yoki qaddi bukilgan pallalar ham boʻldi. Bir necha yuz yillar jahon madaniy jarayoniga sarbonlik qilgani holda muayyan davr barcha intellektual va maʼnaviy resursidan mosuvolikni ham ichiga yutdi. Bugungi avlod farovon va erkin yashayotgan zamin ming yillar davomida madaniyatlar, sivilizatsiyalar, ilm-fan yutuqlarining kesishuv va oʻzaro boyish maydoniga aylanib, bir muddat dushman oyogʻi ostida toptaldi ham. Biroq bu yerda hech qachon maʼnaviy yuksalish sari intilish aslo toʻxtagan emas. Buyuk mutafakkirlarimiz, sarkardalarimizning muborak nafasi bilan sugʻorilgan bu goʻsha bugun yangi Oʻzbekistonning, Uchinchi Renessansning beshigini tebratishga hozirlik koʻrmoqda.
Yurtimizdagi keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, ilm-fan, sanʼat adabiyot, umuman, madaniy-maʼnaviy jabha rivojiga qaratilayotgan har tomonlama eʼtibor, soha vakillari salohiyatini davr talabi darajasiga koʻtarish, xullas, inson kapitaliga qaratilgan barcha ishlar mamlakatimiz rivojida sifat jihatdan yangi davr boshlanganidan guvohlik bermoqda. Mulohazalar yakunida yana bir karra Uchinchi Oʻzbek Renessansi ustuvor darajada milliy-madaniy yuksalish hodisasi ekanini taʼkidlash joiz. Zero, uning uchun zarur zamonaviy vositalar — innovatsiya ham, texnologiya ham inson mehnati, intellekti, xullas, madaniy salohiyati natijasi hisoblanadi.