Uchinchi uygʻonish davri sarchashmalariga bir nazar

    Suhbat 26 Dekabr 2020 5893

    Suhbatdosh bilan tanishtiruv:

    Zohidjon Sodiqov ustozi – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, professor, marhum Gʻaybulla Salomov ilmiy rahbarligida “Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” asarining olmoncha ilmiy talqinlari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini 1994-yilda muvaffaqiyatli yoqlagach, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini, 2002-yilda esa dotsent ilmiy unvonini olgan. Yaqinda ilk turkiy obidaning inglizcha va olmoncha tarjimalarining qiyosiy-chogʻishtirma tahlili boʻyicha doktorlik (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi. Ayni paytda NamDUning ingliz tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, dotsent.

    Yuksak salohiyatli olim rahbarlik lavozimlarida ham samarali xizmat koʻrsatgan. Jumladan, NamDU qoshidagi litsey-internat hamda 1-akademik litseyga, Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga direktorlik qilgan. Z.Sodiqov dunyoning koʻplab nufuzli universitetlari va xalqaro tadqiqot hamda taʼlim fondlari bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. u oliy taʼlimdagi faoliyati davomida AQSHning Kaliforniya, Avstriyaning Gras universitetlarida maʼruzalar oʻqigan. Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidentining “Isteʼdod” fondi sovrindori sifatida Germaniyaning Mayns universitetida bir necha marotaba ilmiy tadqiqot amaliyotini oʻtab qaytgan.

    Izlanuvchan pedagog bugungi kunda NamDUning Oʻzbek tili, Oʻzbek adabiyoti, Pedagogika va taʼlim nazariyasi ilmiy kengashlari aʼzosidir. Tarjimon sifatida respublikamizdagi bir necha shoir va yozuvchilarning asarlarini nemis tiliga oʻgirib, oʻzbek adabiyotining xorijdagi nufuzi oshishiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

    - Hurmatli Zohidjon Yoqubjonovich, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Uchinchi uygʻonish davri gʻoyasi ilgari surilmoqda. Insoniyat tamadduni bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan bu muhim tushuncha xalqimiz tafakkurida tobora mustahkam oʻrin egallab boryapti. Ayting-chi, Uygʻonish davri yoki renessans mohiyatida aynan nima yotadi va u xalqimizni nima sababdan oʻziga bunchalik kuchli tarzda jalb etmoqda?

    - Bilasiz, har qanday xalq, millat taraqqiyoti dastlab uning tafakkurida sodir boʻladi. Sir emas, bugungi kunda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori zamirida ham Uchinchi Uygʻonish davri gʻoyasi mujassam. Avvalo, Uygʻonish davri tushunchasini aniqlab olsak. UYGʻONISH DAVRI ilmiy manbalarda taʼriflanishicha, Renessans — Markaziy Osiyo, Eron, Xitoyda eramizning IX va XV asrlarda, Gʻarbiy Yevropada yuz bergan alohida madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davri hisoblanadi. “Renessans” atamasi ilk bor Italiyadagi madaniy-maʼnaviy yuksalish (XIV-XVI asrlar)ga nisbatan qoʻllanilgan, uni oʻrta asr turgʻunligidan yangi davrga oʻtish bosqichi deb baholaganlar. Renessansning asosiy alomatlari: tafakkurda va ilmu ijodda dogmatizm, jaholat va mutaassiblikka barham berib, insonni ulugʻlash (gumanizm), uning isteʼdodi, aqliy-fikriy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish; diniy aqidaparastlikdan qutulib, adabiyot va sanʼatda dunyoviy goʻzallik, hayot taronalarini qizgʻin kuylash; inson erki, hurfikrlilik uchun kurashish kabilarni sanash mumkin. Buning natijasi oʻlaroq, Italiyada shoir Petrarka va Dante, rassom Jotto, adib va mutafakkirlar Bokkachcho Renessans gʻoyalarining jarchilari boʻlib maydonga chiqdilar. Keyinchalik Mikelanjelo, Rafael, Shekspir, Servantes Yevropaning turli mamlakatlarida buni davom ettirdilar.

    Taʼkidlash joizki, Renessans, yaʼni Uygʻonish faqat Yevropa hodisasi emas. Dunyo madaniyatini yaxlit olib oʻrgangan olimlarning ishlari shuni koʻrsatdiki, Osiyo markazida joylashgan Movarounnahr, Xuroson va Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr avval (IX-XII acrlar) ulkan madaniy koʻtarilish yuz bergan, ilm-fan, falsafa, adabiyot kuchli rivojlanib, ilgʻor insonparvarlik gʻoyalari jamiyat fikrini band etgan, aqliy va ijodiy faollik gurkiragan. Bu davr dunyo ilmida “Musulmon Renessansi” (A.Mes) yoki “Sharq Uygʻonishi” (N.I.Konrad) nomi bilan atalib kelinmoqda. Sharq Uygʻonish davri ham ulugʻ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlarni yetishtirdi. Sharqdagi Birinchi Uygʻonish davrida yurtimizdan Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad al-Fargʻoniy, Mahmud Qoshgʻariy va Yusuf Xos Hojiblar yetishib chiqqan boʻlsalar, Ikkinchi Uygʻonish davrida esa, xususan, temuriylar xonadoni hukm surgan bosqichda Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi daho ijodkorlar oʻlmas asarlar yaratdilar, ishq-muhabbat, qahramonlik, ozodlik va ezgulikni kuyladilar. Miniatyura rassomchiligida bir necha maktablar shakllandi, bunda Kamoliddin Behzod rasmlari yangi ijodiy yoʻnalishga asos soldi.

    - Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan Uchinchi Uygʻonish davri poydevorini yaratish gʻoyasi toʻgʻrisida nima deya olasiz?

    - Meningcha, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan buyuk bunyodkorlik gʻoyalari asosidan muhim oʻrin egallagan mazkur qarash ostida mustaqillik yillarida qoʻlga kiritilgan olamshumul yutuqlarimiz, xususan, insoniyat tarixida hech kimdan kam boʻlmagan buyuk allomalarimiz ruhi ularning bugungi vorislari qonida joʻsh urayotganligi va oxirgi bir necha yillarda Oʻzbekiston butun dunyoni oʻziga har qachongidan ham kuchliroq mahliyo qilayotganligida deb bilaman. Uygʻonish tushunchasi negizida, eng avvalo, jaholatdan maʼrifat tomon uygʻonish yotadi. Buning tamal toshini oʻtgan asr boshlarida vatanimizda yangicha tafakkurni boshlagan jadidchilar qoʻygandi. Ammo Stalin qatagʻoni tufayli ular gʻoyasi gʻoyaligicha qolib ketdi. Shavkat Mirziyoyev esa oʻsha gʻoyani chinakamiga hayotga tatbiq etishni bosh maqsad qilib qoʻydi. Ayni paytda uning yoʻl xaritalari, strategik taraqqiyot dasturlarida aniq belgilab berildi. “Taraqqiyot maktab ostonasidan boshlanadi” bunyodkorlik gʻoyasi doirasida ilk marta yurtimizda taʼlimning uzviyligi va uzluksizligiga jiddiy eʼtibor berilib, u davlatimizning ustuvor yoʻnalishiga aylantirildi. Taʼlimning har bir bosqichini alohida va bir-biri bilan uzluksiz rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilib, uni amalga oshirishga doimgidan ham koʻproq mablagʻ sarflanmoqda. Agar xalq tafakkurida yangicha fikrlash, rivojlanish sari intilish ruhi joʻsh urmas ekan, asosiy maqsadga yetib boʻlmaydi. Buning uchun chinakamiga bilim olish, mudroqlikdan UYGʻONISH talab etiladi.

    - Agar eʼtibor berayotgan boʻlsangiz, Uygʻonish davri gʻoyasi butun dunyo mamlakatlari orasida faqat bizning yuztimizda jiddiy tarzda kun tartibiga qoʻyilmoqda. Buning sababi nimada degan boʻlar edingiz?

    - Chunki bu gʻoyaning kelib chiqishi Markaziy Osiyoga, aniqrogʻi, Oʻzbekiston zaminiga taalluqli-da! Yuqorida aytilgan Gʻarb Uygʻonish davri (renessans) adabiyotining asoschilaridan biri Aligeri Dantening mashhur “Ilohiy komediya” dramasining sarchashmasi Ibn Sinoning “Hayya ibn Yaqzon” (Uygʻoq oʻgʻli tirik) nomli asari ekanligi taniqli tarjimashunos va tasavvufshunos olimimiz Najmiddin Komilovning “Ibn Sino va Dante” nomli risolada (1982-yil) har tomonlama isbotlab berilgan. Oʻrta asrlarda yashagan mutafakkirlarimizning taraqqiyparvar gʻoyalari, buyuk kashfiyotlari, oʻsha davrlardagi tarjima maktablari, saʼy-harakatlari bilan Gʻarb Renessansiga asos solingani Oʻzbekiston Fan arbobi, professor Gʻaybulla as-Salom (1932-2000) yaratgan oʻzbek tarjimashunoslik maktabida isbotlandi.

    - Siz Prezidentimizning “Isteʼdod” fondi sovrindori sifatida yaqinda Germaniyaning Mayns universiteti “Tarjima, til va madaniyatshunoslik” institutida boʻlib qaytdingiz. Tarjimaning bunday vositachilik roli toʻgʻrisida qanday yangiliklarni koʻrdingiz?

    - Namangan davlat universitetimiz bilan Germaniya Mayns universiteti oʻrtasida taʼlim, tadqiqot va talaba almashinuv boʻyicha shartnoma memorandumi imzolangan. Bu asosda mazkur xorijiy universitet professor-oʻqituvchilari Namanganga va bizning olimlarimiz esa Germaniyaga bir necha bor tashrif buyurdilar. Professor M.Shrayber va A.Gipperlar on-layn tarzda bir necha marotaba talabalarimizga maʼruzalar oʻqidilar. Kamina Mayns universiteti kutubxonasida nemis tiliga Sharq mutafakkirlari asarlarining tarjimalariga oid koʻplab tadqiqotlarni uchratdim. Jumladan, jahon tarjimashunosligida skopos (maqsad) nazariyasi asoschisi professor Hans Fermeyerning 3 tomlik tanlangan asarlarida arab tilli olimlarning lotin, ispan, fransuz va nemis tillariga tarjimalari tarixi yoritilgan boʻlib, uning negizida Ibn Sino, Beruniy, al-Forobiy, Ulugʻbek kabilarning asarlari tarjimalari tahlil qilinadi. Men bu olimlarning oʻzbekistonlik ekanligi va ular oʻsha davr anʼanalariga koʻra, arab tilida ijod qilganliklarini tushuntirdim. Gʻarb Renessaniga aynan shular asos solganini ular ham eʼtirof qila boshladilar. Bunda oʻrta asrlar Ispaniyasidagi Toledo va Kordoba (Qurdoba) tarjima maktablari muhim rol oʻynagan. Fikrimcha, ushbu tadqiqotlarni ham Oʻzbekistonning chet el kutubxona va muzeylaridagi madaniy merosini oʻrganishga oid katalogga kiritilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Tasavvur qiling, birgina al-Xorazmiy ismining arab va lotincha tarjimalarda – Aljabr – Algoritmus, Ibn Sinoning – Avitsena, Beruniy – al-Baron, Forobiy – al-Farabus, al-Fargʻoniy – al-Fraganus tarzida tarjima qilinishidayoq qancha oʻzgarishlar koʻzga tashlanadi. Yevropa bizning bobolarimizni allaqachon oʻziniki qilib olgan. Ibn Sino XII asrdayoq lotin va boshqa Yevropa tillariga oʻgirilib, 30 marotaba chop etildi, 800-yil davomida Yevropa universitetlarida oʻqitildi va oʻqitilmoqda. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”i hozirda AQSH Harvard universitetida prezidentlar tayyorlaydigan siyosatshunoslik fakultetida maxsus kurs sifatida oʻqitilmoqda. Bularning barchasi dunyo Uygʻonish davri beshigi aynan bizning yurtimiz ekanligidan dalolat bermaydimi? Kamina yaqinda “Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig” asarining nemischa va inglizcha tarjimalari qiyosiy-chogʻishtirma tahlili” mavzuidagi dissertatsiyamni muvaffaqiyatli yoqlab, filologiya fanlari doktori boʻldim. Qizigʻi, unda Germaniya Mayns universiteteti professori, jahonga taniqli tarjimashunos Mixail Shrayber rasmiy opponent sifatida qatnashdi. Oʻzbekiston Milliy universitetidagi ilmiy kengash olimlari oldida on-layn tarzda Yusuf Xos Hojibning mazkur asari nemis ilm-fan taraqqiyotiga ham ulkan taʼsir koʻrsatganiga alohida eʼtibor qaratdi. Yuqoridagi qaydlardan bilinib turibdiki, yurtimizni dunyo eʼtirof etmoqda. Ha, Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans boshlanayotganidan olim sifatida behad mamnunman.

    - Mazmunli suhbatingiz va qimmatli maʼlumotlar uchun tashakkur!

    “Yangi Oʻzbekiston muxbiri”

    Orifjon JOʻRAYEV suhbatlashdi.