Uchinchi Uygʻonish davri tom maʼnodagi Raqamli Renessans demakdir

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 11-mart sonida Oʻzbekiston fanlar akademiyasi akademigi Saidahror Gʻulomov va Qoʻqon universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod Mustafoqulovning “Uchinchi Uygʻonish davri tom maʼnodagi Raqamli Renessans demakdir” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Uchinchi Renessans raqamlashtirish sharoitida roʻyobga chiqishi bilan istiqbollidir. Chunki ayni paytda inson aql-zakovati sunʼiy intellekt imkoniyatlari bilan birlashmoqda. Prezidentimizning “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Elektron tijorat maʼmurchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi qarorlari Uchinchi Raqamli Renessansga poydevor qoʻyishda dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

    Mamlakatimizning hozirgi rivojlanish yoʻli “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, adolat va qonun ustuvorligini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy (raqamli) iqtisodiyotni rivojlantirish, oʻsish surʼatini zamon talablari darajasida taʼminlash, yurt xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat yuritishga qaratilgan ustuvor masalalarni qamrab oladi.

    Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash, sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish, umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish shular jumlasidan.

    Statistik tahlillarga koʻra, 20202022-yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish doirasida 587 ming, jumladan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 500 ming oʻgʻil-qiz kompyuter dasturlash asoslari boʻyicha oʻqitiladi. Bu bejiz emas. Sababi, hayotimizning raqamli texnologiyalar kirib bormagan sohasi deyarli qolmadi. Bunday sharoitda axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar har doimgidan ham koʻproq zarur.

    Bugun raqamli bilimlarni piramidaga qiyoslash mumkin. Uning asosini tabiiy va moddiy resurslar, ishlab chiqarish vositalari, katta maʼlumot bazasi (big data), raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt tashkil qiladi.

    Raqamli iqtisodiyot deganda katta hajmdagi maʼlumotni internet tarmogʻi va mobil texnologiyalar orqali yigʻish, raqamli texnologiyalar yordamida qayta ishlab, yangi qonuniyat va bilimlarni yaratish asosida biznes modellari samaradorligini oshirish va isteʼmolchilar ehtiyojini sifatli taʼminlash tushuniladi. Bunday iqtisodiyotda sunʼiy intellekt va katta maʼlumot tahlilining oʻziga xos texnologiyalari bor.

    Faraz qilaylik, ishlanmagan katta hajmdagi maʼlumotlar bor. Masalan, savdo doʻkonlari va nuqsonli tovarlar haqidagi maʼlumotlarda xatolik mavjud. Bularni bartaraf qilish uchun kelishuv asosida odamlar guruhi yigʻiladi. Ular qoʻlda xatoliklarni toʻgʻrilab, yagona toʻgʻri shaklga keltiradi. Murakkab sunʼiy intellekt tizimini qayta ishlash zarurati boʻlmagan hollarda, masala bir martalik boʻlsa, u holda kraudsorsing yaxshi natija beradi.

    Raqamli Renessans davrida kasblar ham raqamli faoliyatni taqozo etadi. 2020-yil oktyabrda Jahon iqtisodiy forumining kasblar kelajagi toʻgʻrisidagi hisoboti eʼlon qilindi. Unga koʻra, 2025-yilga borib, odamlar va texnika oʻrtasidagi mehnat taqsimoti oʻzgarishi tufayli yangi ish oʻrinlari (97 million) yaratiladi hamda ayrim kasblar boʻyicha ishchilar soni (85 million) qisqaradi.

    Maʼlumotlarni tahlil qiluvchi olimlar, sunʼiy intellekt, katta maʼlumot (big data), raqamli marketing hamda strategiya, jarayonni avtomatlashtirish, biznesni rivojlantirish, raqamli transformatsiya, axborot xavfsizligi, dasturiy taʼminot boʻyicha mutaxassislarga talab ortadi.

    Maʼmuriy-ijroiya kotiblari, maʼlumotlarni kiritish, buxgalteriya va ish haqini yuritish boʻyicha mutaxassislar, buxgalter hamda auditorlar, montajchi va zavod ishchilari, biznes xizmatlar va boshqaruv rahbarlari, mijozlarga xizmat koʻrsatuvchilar, bosh hamda operatsion menejerlar, mexanik va mashinasozlar, materiallarni roʻyxatga olish va saqlash boʻyicha xizmatchilarga talab keskin kamayadi.
    Raqamli iqtisodiyotda agrar va sanoat iqtisodiyotidan farqli oʻlaroq, ishlab chiqaruvchilarga qoʻyiladigan asosiy talablar raqamli texnologiyalarni bilish va isteʼmolchilarning raqamlashtirish boʻyicha savodxonligidir. Chunki ular raqamli xizmatlardan foydalanishi, onlayn tovar va xizmatlar sotib olishi, hattoki, internet orqali ishlash va oʻqish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.

    Shunday prognoz qilish mumkinki, 2025-yilga borib dunyo raqamli iqtisodiyoti hajmi 23 trillion AQSH dollariga yetadi. Uning jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi hozirgi 17,1 foiz (Oʻzbekiston — 2,1 foiz)dan 24,3 foiz (2030-yilga borib Oʻzbekiston — 5,6 foiz)gacha oshadi. Raqamli transformatsiyani ragʻbatlantirish uchun ulanishlar, yaʼni bulutli texnologiyalardan foydalanadigan korxonalar soni 85, sunʼiy intellektdan foydalanuvchilar 86, raqamli katta maʼlumotlar bilan ishlovchi muassasalar 80 foizga yetadi.

    Uchinchi Renessans — bu raqamli texnologiyalar, internet va sunʼiy intellektdan foydalanish, kelgusi ming yillikda sivilizatsiyaning global muammolarini hal qilishda milliardlab odamlarning jamoaviy ongini birlashtirishdir. Yangi Renessansni endi avvalgidek Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino yoki Mirzo Ulugʻbek kabi buyuklar yashagan davrga qiyoslab boʻlmaydi. Bu Yer yuzida oʻsib borayotgan aholi hayotining farovonligini taʼminlashga xizmat qiluvchi Raqamli Renessans boʻladi. Oziq-ovqat, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, epidemiologik va kosmik xavfsizlikni taʼminlash ustuvor ahamiyat kasb etadi. Inson faoliyatining barcha sohasida miya kapitalining oʻsishi va intellektualizatsiya asosiy omil boʻladi.

    Bugungi iqtisodiy model bunday: rivojlangan mamlakatlar bizga raqamli bilimlar (dasturiy taʼminot mahsulotlari va boshqalar) hamda texnologiyalarning nusxasini sotadi. Buning evaziga biz ularga xalqning tabiiy boyliklari (oltin, gaz, paxta, mevalar va boshqalar)ni sotamiz, ularning boyligi oshadi. Tabiiy va moddiy boyliklarimiz shunday faol foydalanish natijasida kamayib bormoqda. Shu bois, Prezidentimiz “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasini ustuvor vazifa sifatida ilgari surmoqda.

    Rivojlangan mamlakatlar bugun tabiiy resurslarning atigi 3-5 foizidan foydalanib, qolganini kelajak avlodlar uchun keyingi ming yillikka saqlab qoʻyadi. Ular ishlab chiqarayotgan va eksport qilayotgan asosiy mahs ulot — Prezidentimiz asosiy boylik sifatida qayta-qayta eslatadigan inson miya kapitali mahsuli, intellektual mahsulotlar. Har bir shahar va tumanda P rezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan 205 dan ortiq IT maktab va IT istirohat bogʻlardan foydalangan holda, dasturiy mahsulotlar yaratish va eksport qilish yoki yoshlarning eng kam taʼminlangan qismini onlayn tarzda ish bilan taʼminlash boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etish bugun kun tartibiga chiqayotgani bejiz emas. Zero, Xitoy va Hindiston yuz minglab ishsiz yoshlarni xorijda ishlashi uchun internet bilan jihozlash orqali qashshoqlikni keskin kamaytirdi.

    Prezidentimiz qayta-qayta eʼtibor qaratadigan yana bir asosiy masala — inson kapitalini rivojlantirish, undan koʻzlangan maqsad har bir oilada sogʻlom umr koʻrish va aqliy qobiliyatni oshirishdir. BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisining 33 foizdan ortigʻi (2,5 milliard kishi) yashirin ochlik (yetishmovchilik) tufayli yetarlicha intellektual rivojlanmaslikdan aziyat chekmoqda. Ularning 160 millionga yaqini bolalardir.

    Dunyoda aqliy qobiliyatning oʻrtacha 10 foizidan koʻpidan samarali foydalanilmaydi. Bu koʻrsatkich AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyada taxminan 50 foiz, Afrikada esa 1 foizdan kam. Yurtimizda har yili aholining aqliy qobiliyati necha foiz rivojlanadi va undan samarali foydalanish koʻrsatkichi qanday? Biz buni hali tahlil ham qilmayapmiz. AQSHda bu boʻyicha oʻnlab markazlar faoliyat koʻrsatib, intellektual qobiliyatni yaxshilashga oid kitoblar nashr etilmoqda.

    Koʻrinib turibdiki, intellektual rivojlangan, ilmsevar avlodni tarbiyalash uchun sifatli taʼlim va tarbiyaning oʻzi yetarli emas. Mavjud boʻshliq aqlli tibbiyot va aqlli oila yordamida raqamli intellektual qobiliyatni rivojlantirish va irsiyatni yaxshilash bilan toʻldirilishi kerak.

    Yurtimiz ilm-fani va innovatsion faoliyat tizimi Uchinchi Renessansga tayyormi? Bu borada qator omillarni keltirish mumkin. Jumladan, ilm-fanni rivojlantirish, innovatsiyani milliy iqtisodiyot va ijtimoiy hayotga joriy etish uchun yetarli normativ-huquqiy baza yaratildi. Prezidentimiz ilk bor “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida” hamda “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunlarni imzoladi. Mazkur sohalarni tartibga soluvchi qonunosti hujjatlar tayyorlandi.

    Bundan tashqari, olimlarimizning mavqei, obroʻsi, akademik legitimligi oshdi. Shuningdek, ilmiy-innovatsion faoliyatning infratuzilmasini mustahkamlash choralari koʻrildi va koʻrilmoqda. Prezidentimiz farmoni bilan Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Uning doirasida 40 dan ortiq ilmiy tashkilotga zarur uskunalar xarid qilish uchun 32 million AQSH dollari, ularning bino va inshootlarini kapital taʼmirlash uchun 119 milliard soʻm yoʻnaltirilib, uskunalar parkini yangilash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

    Ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajali kadrlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, nufuzli yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy maktablar yaratishga qaratilgan kompleks choralar koʻrildi. 2018-yildan buyon mutaxassislarning oylik ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshdi. Ilmiy faoliyatga moliyaviy xarajatlar esa 3,5 barobar oʻsdi. Oʻz yoʻnalishi boʻyicha ilmiy faoliyatda natija koʻrsatgan har bir olimni mukofotlash bilan bogʻliq tizim yaratildi. Fan nomzodlarining oylik ish haqiga 30 foizgacha, fan doktorlarinikiga 60 foizgacha ustama belgilandi. Bu olimlarimizning yangiliklar yaratish, ilmiy natijalarini tegishli sohalarga joriy etish, amaliyotga tatbiq qilish koʻlamini oshirishiga ragʻbat berdi.

    Olimlarimiz oldida oʻz ishlanmalarini iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish, tijoriylashtirish muammosi mavjud edi. Endi bu boʻyicha amaliy mexanizmlar joriy etildi. Ilmiy-texnik ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha maxsus jamgʻarma tashkil qilindi. Har bir olimga yoki ilmiy jamoaga oʻz ishlanmalari doirasida tijorat bilan shugʻullanish, daromad olishga qaratilgan platforma yaratildi. Olimlar oʻzi yaratgan ishlanma doirasida alohida tijorat kompaniyasi, litsenziya yoki boshqa tijorat shartnomasi bilan ishlab chiqarishni tashkil etishi mumkin. Bunda tijoratlashtirishdan tushgan mablagʻning 40 foizini muallifga berish, 30 foizini ilmiy jamoaga taqsimlash nazarda tutilgan.

    Bu boradagi keng koʻlamli ishlar, xalqaro hamkorlik kengayishi n afaqat Oʻzbekistondagi iqtisodiy va i jtimoiy sohadagi muammolarning yechimini topish, balki global miqyosdagi muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Oldimizda turgan vazifa 2030-yilgacha boʻlgan davrda ilm-fanni rivojlantirishning asosiy tashkiliy-iqtisodiy, infratuzilmaviy, institutsional chora- tadbirlarni amalga oshirishdir. Buning uchun ilm-fan va ilmiy-tadqiqot ishlarini 2020-2022-yillarda moliyalashtirish hajmini kengaytirish va diversifikatsiyalashning maqsadli parametrlariga erishish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Samarali institutsional muhit va zamonaviy infratuzilmani yaratish, ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyot tarmoqlari talablariga moslashtirish, tijoriylashtirish koʻlamini kengaytirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirishda tizimli yondashuv tatbiq etish choralari koʻriladi.

    Mana shu chora-tadbirlar doirasida Fanlar akademiyasi tizimida jamoaviy foydalaniladigan 7 ta zamonaviy laboratoriya majmuasi bosqichma-bosqich tashkil etiladi hamda GLP va GMP jahon standartlariga mos uskunalar bilan jihozlanadi. Bu mavjud ilmiy laboratoriya bazasining tubdan yangilanishiga olib keladi. Hozir mamlakatimizda tadqiqotchilarning oʻrtacha yoshi 57 yoshni tashkil etmoqda. 2030-yilga borib bu koʻrsatkich 39 yosh boʻlishi kerak. Yoshlarning ilm-fanga kirib kelishi istiqbolli yangi yoʻnalishlar — biotexnologiyalar, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, nanotexnologiyalar, vodorod energetikasi, genomika, kosmologiya, kriminalistika boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarining jadallashishiga xizmat qiladi.

    Mana shu maqsad va vazifalar yurtimizda Uchinchi Renessansga zamin yaratishi kutilmoqda. Davlatimiz rahbari eʼtirof etganidek, xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda yangi Oʻzbekiston yangidan-yangi yuksak marralarga erishishiga, insoniyat baxt-saodati, farovonligi va ravnaqi uchun oʻrnak boʻlishiga shubha yoʻq.