«Fergana Global Tekstil» MChJ paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan mazkur dehqonchilik yilida Uchko‘prik tumanida 5 720 gektar yerda paxta yetishtirish maqsadida 185 ta fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma imzolangan.
— Shu kunlarda paxta maydonlarida muhim agrotexnik tadbirlar amalga oshirilib, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan uchinchi marotaba ishlov berish, sug‘orish, hashoratlarga qarshi kurashish jarayoni davom etmoqda, — deydi klaster korxonasining Uchko‘prik tumani bo‘yicha bosh agronomi Arabjon Hojiakbarov. — 2021-yilda tumandagi 1 000 gektar paxta maydonida tomchilatib, 200 gektar g‘alla ekilgan yerda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etish rejalashtirilgan.
«Akmalxon» fermer xo‘jaligi rahbari Xayrullo G‘ufronov joriy yilda 20 gektar yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etdi. Buning uchun 66 ming dollar miqdorida mablag‘ sarflandi. Fermerning qayd etishicha, buning uchun sarflangan 66 ming dollar mablag‘ning bir qismi subsidiya, soliq imtiyozlari tarzida qaytib beriladi. Shu bois fermer birinchi yildayoq harajatni qoplashiga ishonmoqda.
Fermer xo‘jaligi a’zolari bu yil 72 gektar yerda parvarishlangan g‘alla va paxtadan 600 million so‘m daromad olishni mo‘ljallayapti, deb xabar beradi Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.